08:07 / 07.08.2015
3402

Germaniyalik Sven Xagemayyer eng uzoq davom etgan tug‘ilgan kun bo‘yicha rekord o‘rnatdi

Germaniyada yashovchi Sven Xagemayyer eng uzoq davom etgan tug‘ilgan kun bo‘yicha rekord o‘rnatdi, deb yozmoqda The Telegraph nashri. U o‘zining 26 yoshini turli vaqt mintaqalari bo‘ylab harakatlanib, kutib oldi. Tug‘ilgan kunni nishonlash 46 soat davom etdi va bu yutuq Ginness rekordlar kitobidan joy oldi.

Dastlab Xagemayyer Yangi Zelandiyaning Oklend shahridan Avstraliyaning Brisben shahriga parvoz qildi. Brisben vaqt bo‘yicha Oklenddan 2 soat orqada qoladi. Keyin Gavayi orollariga yo‘l oldi, chunki Gonolulu Brisbendan 20 soat orqada qoladi.

Rekordni qayd qilish davomida turli vaqt mintaqalaridagi vaqt hisobga olingan, chunki vaqt orasidagi farq Xagemayyer tug‘ilgan kunini uzaytirgan. Shu tariqa nemis “osmonda” 13 soat 10 daqiqa o‘tkazgan.

Avvalgi eng uzoq tug‘ilgan kun 35 soat 25 daqiqa davom etgan edi.

Qayd etilishicha, Xagemayyer o‘zining bu rekord sayohatini 2014 yildayoq amalga oshirgan, biroq uning bu natijasi Ginneslar rekord kitobida endi qayd qilindi. 2015 yilda nemis o‘z tug‘ilganini an'anaviy tarzda, ya'ni oila davrasida o‘tkazmoqchi.

Top