21:13 / 10.08.2015
3651

Gamescom ko‘rgazmasining eng yaxshi o‘yini nomi aytildi

Germaniyaning Kyoln shahrida 5-9 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan Yevropadagi eng yirik Gamescom o‘yinlar ko‘rgazmasiga yakun yasaldi. Electronic Arts kompaniyasining yangi Star Wars: Battlefront jangari o‘yini ko‘rgazmada namoyish qilingan eng yaxshi o‘yin deb topildi. Bu haqda ko‘rgazmaning saytida chop etilgan matbuot banoyotida ma'lum qilindi.

Star Wars: Battlefront o‘yini beshta yo‘nalish bo‘yicha g‘olib deb topildi. Bosh mukofotdan tashqari, o‘yin “PlayStation konsollari uchun eng yaxshi o‘yin”, “Kompyuter uchun eng yaxshi o‘yin”, “Ko‘p foydalanuvchilarga mo‘ljallangan eng yaxshi o‘yin” yo‘nalishlarida yetakchi bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘yin onlayn-ovoz berish natijalariga ko‘ra, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan o‘yin deb topildi.

Star Wars: Battlefront o‘yini PC, Xbox One va PS4 uchun mo‘ljallab ishlab chiqilgan. O‘yin 17 sentabrdan sotuvga chiqariladi.

Shuningdek, Metal Gear Solid V: The Phantom Pain stels-ekshn o‘yini “Eng yaxshi ekshn”, “Xbox konsollari uchun eng yaxshi o‘yin” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Xbox One uchun mo‘ljallangan Forza 6 o‘yini eng yaxshi simulyator va poyga o‘yini deb topildi.

2014 yilda Take-Two kompaniyasining Evolve jangari o‘yini eng yaxshi o‘yin deb topilgandi.

Top