10:34 / 11.08.2015
7072

Rossiyalik jangchi Fyodor Yemelyanenko Kislovodskda nogiron qiz bilan suratga tushdi

Rossiyalik mashhur jangchi, aralash turdagi kurash bo‘yicha jahon chempioni Fyodor Yemelyanenko Kislovodsk ko‘chalarida ehson so‘rab turgan nogiron qiz bilan birgalikda suratga tushishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ushbu voqea haqida Yana ismli qizning o‘zi “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida hikoya qilib berdi.

Aytilishicha, Yana Kislovodsk bog‘ida nogironlik aravachasida o‘tirgan. Uning bo‘yniga “Orzularim uchun pul to‘plamoqdaman” degan yozuv tushirilgan taxtacha osilgan.
“Yonimdan ikki kishi o‘tib ketdi: erkak va 16-17 yoshli qiz. Qiz menga pul berdi, erkak esa shunchaki qarab qo‘ydi. Unga qaraganimda, ko‘zimga sarob ko‘ringanday bo‘ldi. Bu Fyodor Yemelyanenko edi... Ular menga tabassum qilishdi, so‘ng o‘tib ketishdi. Men undan dastxat so‘ramaganimdan qattiq pushaymon bo‘ldim”, – deb yozadi Yana.

Ammo keyinroq Yemelyanenko qizi bilan yana shu yerdan o‘tishgan. Yana mashhur jangchidan dastxat so‘ragan. Dastxat bergandan so‘ng Yemelyanenko qizga birga suratga tushishni taklif qilgan. Ikkovlon nogiron qizning telefonida suratga tushishgan.
Muhokama ishtirokchilari jahon chempionligi martabasiga qaramay, Yemelyanenkoning insoniy qiyofani yo‘qotmagani, barcha insonlarga yaxshi munosabat ko‘rsatishga harakat qilishini maqtovga sazovor deb topishdi.

Top