15:24 / 14.08.2015
3157

Toyota, Mazda va Subaru Tyantszindagi portlashdan zarar ko‘rishganini ma'lum qilishdi

Yaponiyaning avtomobil ishlab chiqaruvchi bir nechta kompaniyasi Xitoyning Tyantszin portida joylashgan omborxonalarda ro‘y bergan portlashdan ularning avtomobillari jiddiy zarar ko‘rganini ma'lum qilishdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:30da Ruihai Logistics kompaniyasining Binxayda joylashgan ikkita omborxonasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Omborxonada xavfli mahsulotlar saqlangani aytilmoqda. Portlash zarbining kuchliligidan u mahalliy seysmologiya xizmati tomonidan qayd qilindi. Portlash kuchi trotil ekvivalentida 3 va 21 tonnani tashkil qildi.

Toyota vakillarining ma'lum qilishicha, portlash zarbi uning avtomobil yig‘uvchi zavodining oynalarini urib tushirgan. Zavod bir haftaga yopilgani bois u yerda hech kim bo‘lmagan, ammo kompaniya dilerlik markazining ikki xodimi, shuningdek, kompaniya yotoqxonasida turuvchi bir nechta ishchi jarohat olgan.
Shu bilan birga, moddiy zarar u qadar katta emasligi aytilmoqda.

Subaru brendiga egalik qiluvchi Fuji Heavy Industries Ltd. esa portlash markazidan 2 km naridagi omborxonada saqlangan 100 dona avtomobilning zararlanganini ma'lum qildi.
O‘z navbatida, Mazda Motor yetkazilgan zararni bartaraf qilish uchun ko‘rgazma zalini vaqtinchalik yopib qo‘ydi.
Tyantszin portiga Xitoy avtomobil importining 40 foizi to‘g‘ri keladi.

Top