12:21 / 15.08.2015
6852

MRBning sobiq agenti: o‘limidan so‘ng Che Gevaraning boshini kesib olishmoqchi bo‘lishgan

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq agenti Feliks Rodrigezning aytishicha, mashhur kubalik inqilobchi Ernesto Che Gevara Boliviyada MRB agentlari tomonidan qo‘lga olinib, otib tashlangach, dastlab uning boshini tanasidan judo qilish rejalashtirilgan. Uning boshini Fidel Kastroga ko‘rsatish maqsad qilingan edi. Ammo axiyri bu fikrdan voz kechilib, faqat qo‘l panjalari kesib olingan.
Latviyaning BaltKom radiosiga bergan intervyusida Rodrigez voqea joyida bo‘lganini aytdi.
“Ular nima qilish haqida bir necha kun o‘ylashdi. U yerda Boliviya armiyasi bosh qo‘mondoni general Ovando Kandia bor edi, u Kastro buning Che Gevara ekanligini tan olmaydigan taqdirda dalillar kerak bo‘lishini ta'kidladi. Va u Gevaraning boshini kesib olishni taklif qildi. Men: “General, siz bunday qila olmaysiz”, dedim. “Nega?”, so‘radi u. “Kastro nimani inkor qilishidan qat'iy nazar, siz bosh shtab qo‘mondonisiz, siz dalil sifatida inson boshini keltira olmaysiz”, deb javob berdim”, – dedi Rodrigez intervyu chog‘ida.
Uning aytishicha, shu suhbatdan so‘ng general undan qanday yo‘l tutish haqida so‘ragan.
“Uning bitta barmog‘ini kesib oling, bizda Argentina politsiyasi olgan barmoq izlari bor, buni tekshirsa bo‘ladi”, – deb javob bergan agent. Ammo general inqilobchining ikkala qo‘lini kesib olishga ko‘rsatma bergan.
Shifokor kelib, tungi soat 3:00da Che Gevaraning panjalarini qirqib olgan va ularni formaldegidga joylashtirgan. Ushbu “dalil” tashqi ishlar vaziri Antonio Argedasga berilgan va u tomonidan Kubaga olib borilgan. Qo‘llar Gavanadagi Inqilob maydonidagi binolardan birida saqlab kelingan.
Rodrigezning ta'kidlashicha, Kastro Gevaraning panjalarini orolga tashrif buyuruvchi oliy martabali shaxslarga ko‘rsatgan.

Top