12:14 / 25.08.2015
2696

Brent toifasidagi 159 litr neft narxi 43 dollardan oshdi

Dushanba, 24 avgust kuni pastlagan neft narxi seshanba kuni 5 foizga qimmatladi, biroq hamon arzonlashuv xavfi ostida qolmoqda, deya xabar berdi Bloomberg agentligi.

AQShda Toshkent vaqti bilan 10:00da WTI toifali neft narxi 1,7 foizga qimmatlab, bir barrel (158,988 litr)ning qiymati 38,89 dollarga yetdi.

Londondagi fyuchers shartnomalarida ham Brent toifasidagi neft bahosi 1,3 foizga qimmatlab, bir barreli uchun 43,25 dollar taklif etildi.

Dushanba, 24 avgust kuni ushbu toifadagi neft bahosi 2009 yilgi past darajaga tushib, 43 dollardan sotilgan edi.

Dunyo bozorida neft narxining arzonlashuviga xom ashyoni qayta ishlash imkoniyatlarining oshgani, neftga bo‘lgan talabning kamaygani, AQSh neft zaxiralarining odatdagidan ortiqcha ekani va boshqa sabablar ta'sir ko‘rsatmoqda.

Morgan Stanely banki tahlilchisi Adam Longsonning yozishicha, neft narxining tushib ketishiga moliyaviy va spekulyativ omillar ham sabab bo‘lmoqda. Uning fikricha, Xitoy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari kuchsizlanayotgan bo‘lsa ham, iyul oyida mamlakatda neftga bo‘lgan asosiy indikatorlar saqlanib qolgan.

Masalan, iyul oyida Xitoyning neft importi sutkasiga 1,7 million barrelga ortib, 2014 yilning iyul oyidagi rekord daraja — 7,4 million barrelga yaqinlashgan. Mamlakatda neft mahsulotlari, jumladan, benzinga bo‘lgan yillik talab 17 foizga oshgan.

Top