08:18 / 24.05.2016
23617

Toshkent shahri va bir qator viloyatlardagi OTMlarda o‘quv yili 10 iyungacha yakunlanadi

O‘zbekiston respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 2016 yil 21 may kungi 205-raqamli "O‘quv jarayoni grafigiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida" buyrug‘i e'lon qilindi. Unga ko‘ra O‘zbekiston poytaxti va bir qator viloyatlardagi Oliy ta'lim muassasalarida joriy o‘quv mavsumi o‘z muddatidan ertaroq yakunlanadi.

Rahbariyat topshirig‘iga muvofiq Toshkent shahar, Buxoro, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatlari oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayoni grafigiga o‘zgartirish kiritgan holda ta'lim dasturi ijrosini ta'minlash maqsad qilingan.

Hujjatda Toshkent shahar, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari oliy ta'lim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlari hamda Toshkent davlat agrar universiteti rektoriga 2015-2016 o‘quv yili o‘quv rejalarida belgilangan barcha yakuniy nazoratlar hamda yakuniy davlat attestatsiya sinovlari (shu jumladan, bitiruv-malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari himoyalari)ni 2016 yilning 10 iyunigacha tugatilishini ta'minlash vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, mazkur oliy ta'lim muassasalari o‘quv jarayoni grafigiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq talabalar turar joylarida o‘rnatilgan tartibdagi tashkiliy ishlar amalga oshirilishini ta'minlash vazifalari berilgan.

Ushbu buyruq ijrosining nazorati vazir o‘rinbosari B.Usmonovga yuklatilgan.

Top