13:16 / 16.08.2016
4025

Eronda xalqaro to‘lov tizimlaridan biri faoliyat yurita boshlaydi

Xalqaro MasterCard to‘lov tizimi shu yilning 23-avgustidan Eronda faoliyatini boshlaydi. Bu haqda, Eron Islom Respublikasi aloqa vaziri Mahmud Vaeziyga tayangan holda Press TV mahalliy telekanali xabar qilmoqda. 

Vaeziyning so‘zlariga ko‘ra, MasterCard kartalari to‘lov tizimi bilan shartnoma imzolagan Iran Post pochta xizmati tomonidan amalga kiritiladi. 

Mulozimning ma'lum qilishicha, MasterCard bilan kelishuv eronliklarga xorijga sayohat qilgan vaqtlarida to‘lovlarni amalga oshirish, chet el matbuoti nashrlarini xarid qilishlari hamda xalqaro anjumanlarga tashrif buyurishlarida yordam beradi. Shu bilan birga, kartochkada mablag‘ saqlash bo‘yicha cheklov o‘rnatilgan bo‘lib, unda 10 ming dollardan ortiq mablag‘ saqlashning imkoni yo‘q. 

Amerikaning xalqaro to‘lov tizimlari avvallari Eronga nisbatan sanksiyalar tufayli ishlamas edi. Mamlakat fuqarolari dollardagi to‘lovlarni amalga oshirolmas, xalqaro pul o‘tkazmalarida qiyinchiliklarga duch kelishayotgan edi. 

Hozirgi vaqtda, Eronda asosan 2002-yili tashkil etilgan Shetab milliy to‘lov tizimidan foydalaniladi. 

Shetab xalqaro moliya bozorida Fors ko‘rfazidagi ayrim mamlakatlar, xususan Kuvayt, BAA va Qatarda ishlaydi. Bundan tashqari Xitoyning UnionPay tizimi bilan hamkorlik qiladi.

Xalqaro to‘lov tizimlaridan birinchi bo‘lib Braziliyaning Primeiro Pay tizimi Eronda faoliyatini boshlagan. U, 2016-yil boshida xalqaro sanksiyalar bekor qilingach, bir necha kundan so‘ng, Eron moliya bozoriga kirib kelgan edi.

Top