19:32 / 16.08.2016
10848

Iyul tarixdagi eng issiq oy sifatida e'tirof etildi

2016 yilning iyul oyi butun dunyo kuzatuvlari bo‘yicha, tarixdagi eng issiq oy deya e'tirof etildi. NASA iqlimshunoslarining ta'kidlashicha, bu yilgi iyul oyi nafaqat 2015 yilgi rekordni ortda qoldirdi, balki eng issiq o‘n oy seriyasini davom ettirmoqda. Bu haqida The Independent nashri ma'lum qildi. 

NASA ekspertlari iyul oyi sanoat davriga qadar bo‘lgan o‘rtacha ob-havo ko‘rsatkichlaridan Tselsiy bo‘yicha 1,3 darajaga issiqroq bo‘lganini qayd etishdi. Bunday o‘sishning taxminan 0,2 darajasi El-Nino ta'siriga bog‘liq, qolgan 1,1 daraja - inson faoliyati orqali yuzaga kelgan global isish natijasi. 

Okean va atmosfera milliy tadqiqotlar boshqarmasi (AQSh) ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi 14 oyda rekord darajadagi issiq iqlim kuzatilgan. 

Olimlar bunday rekordning yoz oylarida zaiflashgan El-Ninoga deyarli bog‘liq emasligidan xavotirga tushishmoqda. Avval 2016 yilning yuqori harorati Tinch okeani suvlarini isitgan El-Nino hodisasi bilan bog‘lanayotgan edi. 

2015 yilda Buyuk Britaniyaning Meteorologiya markazi oldindagi ikki yil Yer tarixidagi eng issiq yillar bo‘lishini aytib ogohlantirgan.  

 

Mavzuga oid
Top