21:18 / 19.08.2016
3740

“Spetsialnyy korrespondent” O‘zbekiston haqida: izohga hojat bor

Bugun mamlakatlarning jahon hamjamiyatida tutadigan mavqe va nufuzi ular olib boradigan axborot siyosatiga chambarchas bog‘liq bo‘lib qoldi. Xalqaro maydonda kechayotgan bu jarayonlardan, albatta, O‘zbekiston ham chetda qololmaydi. Vaholanki, ayni paytda dunyoning turli mamlakatlari tashqi informatsion siyosatining asosini boshqa davlatlarga nisbatan axboriy xurujlar uyushtirish tashqil qiladi. Xo‘sh, busharoitda O‘zbekistoning pozitsiyasi qanday bo‘lishi kerak? Axborot xurujlari aslida qanday xafvni o‘z ichiga oladi? Ularning oldini olish mumkinmi?

Tahlillarimiz shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston mavzusi ko‘proq AQSh, Turkiya, Rossiya hamda O‘rta Osiyo mamlakatlari ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi. Xususan, Rossiyaning VTRK televideniyesi “Spetsialnyy korrespondent”ko‘rsatuvida O‘zbekiston mavzusi bir necha marotaba yoritilgan. Ko‘rsatuvining 2011 yil 24 aprel sonida namoyish etilgan “Bez Rossii” hujjatli filmi O‘zbekistonda istiqomat qiladigan rus millatiga mansub aholining turmush tarzini yoritishga bag‘ishlanadi. Film muallifi – “Spetsialnyy korrespondent” ko‘rsatuvi muxbiri Aleksandr Rogatkin.

Film bir qancha odamlarning to‘planib xo‘roz urishtirayotgani sahnasi bilan boshlanadi. Vaholanki, bu kadrning film mavzusiga umuman aloqasi yo‘q. Aslida dastlabki soniyalardan boshlab tomoshabin ongini salbiy munosabatda bo‘lishga dasturlab qo‘yish uchun bu sahnadan foydalanilgan. U orqali vahshiy, yovvoyi odamlar obrazi yaratilgan. Natijada tomoshabin ongida bu obraz va o‘zbek xalqi o‘rtasida assotsiatsiyaqatori paydo bo‘ladi. Kadr film davomida bir necha marotaba qayta-qayta beriladi. Bu tomoshabin ongida hosil bo‘lgan obrazni mustahkamlash uchun qo‘llanilgan metoddir. Keyingi kadrlarda eshak-arava haydab borayotgan odam, it urishtirish sahnasi, kasalvand rus ayoli ko‘rsatiladi. Tomoshabinda hosil bo‘lishi mo‘ljallangan tasavvur: o‘zbeklar – vahshiy xalq, ruslar O‘zbekistonda och-nochorlikda hayot kechirmoqda. Muhimi shundaki, bu tasavvur film namoyish etilishidan oldin tomoshabinga singdirilib bo‘lindi. Ijtimoiy ong dasturlandi. Endi filmning o‘zi bu tasavvurni mustahkamlash vazifasini bajaradi. Bunda quyidagi manipulyativ metodlardan foydalanilgan:

  •  “Assotsiatsiya qatori” metodi (xo‘roz urishtirish sahnasi – vahshiylik – o‘zbeklar);
  •  “Birinchi kadr” metodi – auditoriya ongini oldindan muayyan munosabatda bo‘lishga dasturlab qo‘yish;
  •  “Shok terapiyasi” metodi – filmning birinchi sahnalaridan namoyish etilgan vahshiylik sahnalari tomoshabin ongiga shok terapiyasi effektini ko‘rsatadi. Natijada muayyan vaqt davomida individ ongi o‘sha shok ta'sirida bo‘ladi va har qanaqa axborotni o‘zlashtirishga tayyor bo‘ladi.
  •  “Yorliq yopishtirish” metodi (o‘zbeklar + vahshiylik)

Hujjatli filmda mavzuga aloqador bo‘lmagan, biroq o‘zbeklar haqida muayyan tasavvur shakllanishiga hizmat qiladigan kadrlardan ko‘p foydalanilgan. Quyida hujjatli film matnidan olingan ayrim parchalarni tahlil qilamiz:

“Yakshanba kunlari shahar tashqarisida odamlar xo‘roz urishtirish uchun to‘planishadi. Aslida bu kabi totalizatorlar O‘zbekistonda ta'qiqlangan, biroq imi-jimida bo‘lsa mumkin. G‘olib chiqqan xo‘rozning egasi bitta oylik maosh yoki bir nechta nafaqa puliga teng mablag‘ni yutib olishi mumkin”.

Bu so‘zlardan keyin O‘zbekistonda to‘planadigan nafaqalar miqdori haqida gap ketadi. Go‘yo yuqoridagi gaplar bu mavzuga o‘tish uchun aytilgani tasavvuri shakllantiriladi. Biroq, aslida xo‘roz urishtirish o‘yinlari va nafaqalar o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. Bu yana bir karra o‘zbeklarning vahshiy qiyofasini yaratish uchun qo‘llanilgan metod, xolos. Umuman olganda, bu matning umumiy mavzuga kirish qismi bo‘lishi uchun ko‘rsatuv tematikasidan ancha yiroq. Demak, u shunchaki manipulyativ ta'sir o‘tkazish maqsadida qo‘llanilgan. Zotan, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan rus millatiga mansub aholi hayotini yoritish va xo‘roz totalizatorlari o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q.

Ko‘rsatuv davomida boshlovchi va respondentlar nutqida ayrim holatlarni mashara qilish, kulguga olish, piching, kesatiqlar kuzatildi. Masalan:

  • “Nafaqamisan nafaqa! Millionerlar!”
  • “To‘g‘ri-da, yosh avlodga xalqlar do‘stligi va mehmondo‘stlik haqidagi qarashlarni singdirishdan nima foyda?”

Ko‘rsatuvda har qanaqa holat muallif uchun kerakli bo‘lgan rakursdangina yoritilgan. Masalan, ko‘rsatuv qahramonlaridan biri – nafaqaxo‘r Atonina Nikolayevaning aytishicha, uning yaqinlari va qarindoshlari undan yuz o‘girgan, faqatgina mahalladoshlari xabar olib turadi, har kuni galma-gal yo‘qlab chiqadi. Biroq bu jihatga boshlovchi e'tibor qaratmaydi, izohlamaydi. Negaki, qo‘shnisidan xabar oladigan o‘zbeklar va yaqinidan yuz o‘girgan ruslar haqidagi lavha ko‘rsatuvning umumiy maqsadiga zid kelgan bo‘lardi. Yana bir vaziyatda qahramonlardan biri Valentina Zinkevich “Nega Rossiyaga ketmaysiz?” degan savolga “Rossiyadagi hayot bu yerdagidan ham og‘ir” deb javob beradi. Biroq boshlovchi fikrni izohlashni so‘ramaydi, aksincha respondent gapi uzib qo‘yiladi. Buning o‘rniga mualliflar boshqa holatlarga urg‘u berishni afzal topgan. 

Ko‘rsatuvda faqatgina bitta nafaqaxo‘r – Antonina Nikolayeva haqida gap boradi. Biroq boshlovchi buni umumiy holat sifatida ko‘rsatishga urinadi. Shuningdek, bu usul kasallikka chalingan rassom obrazi orqali aziyat chekayotgan rus diasporasi timsolini yaratish uchun ham qo‘llanilgan.  Zero, ko‘rsatuvning informatsion skeleti asli quyidagicha:

  • O‘zbeklarning xo‘roz va it urishtirish o‘yinlari;
  • Nafaqaxo‘r Antonina Nikolayevaning nochor turmushi;
  • Aldangan rassomning kasalga chalingani;
  • Rus maktablarining yopilgani;
  • Bezorilik qurboni bo‘lgan qiz hikoyasi;
  • Yelena Urlayevaning ruhiy kasalxonada majburan davolanish o‘tagi haqidagi lavha.

Bu ma'umotlarning barchasi vaziyat haqida muayyan tasavvurni shakllantirish uchun real holat voqeliklari ichidan tanlab olingan. Aslida ular umumiy manzara haqida hech qanday tasavvur bermaydi. Bu axborotni saralab uzatishdir. Agar aksincha bo‘lganida yuqorida salbiy jihatlar bilan birga ijobiy taraflar ham ko‘rsatilgan, xususiy holatlar emas, umumiy vaziyat tilga olingan bo‘lardi.

Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi holatlar auditoriyada O‘zbekiston va o‘zbeklar haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishga qaratilganini ularda qo‘llangan bir qancha manipulyativ metodlar tasdiqlaydi. Zero, bugungi kunda tashqi axborot siyosati olib borish globallashayotgan dunyo talablaridan biriga aylangan. Biroq bu siyosatning boshqa davlatlar imidjini putur yetkazish va unga qarshi axborot urushlari olib borish orqali amalga oshirilishi – masalaning muammoli jihatidir.

Bugun axborot oqimini to‘xtatishning iloji yo‘q. Zero, har qanday yopiq jamiyatda ham axborot o‘z auditoriyasini topib boradi. Shu bilan birga, turli manipulyativ usullar bilan jamoatchilik fikriga ta'sir ko‘rsatishda davom etadi. Shunday ekan, shaxsning axboriy-psixologik xavfsizligi va tafakkur erkinligini ta'minlash nihoyatda mushkul masala. Nazdimizda, bu mavzuga oid ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirish, axborot xurujlariga qarshi tezkor va hozirjavob milliy OAV faoliyatiini yo‘lga qo‘yish orqaligina muammoning yechimini topish mumkin. 

Mohlaroyim QAYuMOVA,

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetitalabasi

Top