18:31 / 16.11.2016
4435

O‘zbekistonlik yosh og‘ir atletkachi Osiyo chempionatining eng yaxshi atleti bo‘ldi

Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik yosh sportchilar munosib ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston vakili Adhamjon Ergashev 62 kilogrammgacha vazn toifasida o‘smirlar o‘rtasida ham, yoshlar o‘rtasida ham Osiyo chempioni, deb e'tirof etildi. U shtangani dast ko‘tarishda 121, siltab ko‘tarishda 151 va ikkikurashda 272 kilogramm natija qayd etib, 6 oltin medal bilan taqdirlandi.
Uning tajriba va mahorati, g‘alabaga bo‘lgan intilishi, shijoat va jasorati musobaqa tashkilotchilari tomonidan munosib baholanib, Osiyo chempionatining eng yaxshi atleti, deb topildi.

O‘smirlar o‘rtasida vazni 94 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida Aleksandr Li shtangani siltab ko‘tarishda kumush, dast ko‘tarish va ikkikurashda ikkita bronza medal bilan taqdirlandi.

Yoshlar o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan Farhodbek Sobirov o‘z vazn toifasida bitta oltin va ikkita kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shahzod Xudoyberganov uchta bronza medalga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatida umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.

Qizlar bahsida qatnashgan Omadoy Otaqo‘ziyeva o‘z vazn toifasida ikkita kumush, Muattar Nabiyeva esa uchta bronza medal bilan taqdirlandi.

 

Top