16:04 / 22.11.2016
9887

Demokratiya erkin saylovlarning muhim omili

Demokratik saylovlarni inson huquqlari, so‘z va axborot erkinligi, uyushish huquqi kafolatlarisiz tasavvur qilish mushkul. Ushbu huquqlarning ta'minlanishi saylov kampaniyasi samaradorligi hamda saylovchining erkin va ongli ravishda qaror qabul qilishining asosi hisoblanadi.

Bu borada nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati hamda uni tashkil qilishni o‘z ichiga oladigan fuqarolarning uyushish huquqi muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda NNT saylov kampaniyasining faol ishtirokchisi sifatida siyosiy tadbirning ochiq va oshkoraligini ta'minlash omiliga aylangan.

Birinchidan, bugun ular saylov jarayoni barcha ishtirokchisining huquqiy hamda elektoral madaniyatini oshirish bo‘yicha keng miqyosli ishlarni bajarmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy  yilning 7 oktabrida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi ijrosida salmoqli o‘rin tutmoqda.

Aholi bilan ishlashda katta tajribaga ega bo‘lgan jamoat birlashmalari birgina saylov kampaniyasi boshlanganidan beri davlat organlari, ta'lim muassasalari bilan ijtimoiy sheriklikda 37 mingdan ziyod tadbirlarni tashkil etdi. Ularning 27 mingdan ortig‘i anjuman, davra suhbati, seminar-trening va uchrashuvlar shaklida o‘tkazilib, aholining barcha qatlami, shu jumladan, xotin-qizlar, yoshlar, mehnat faxriylari, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiylar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mehnat jamoalari a'zolari, ta'lim muassasalari o‘quvchilari, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat hamda elatlar vakillari qamrab olindi.

Ikkinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish tadbirlarida faol qatnashmoqda. Masalan, okrug saylov komissiyalari a'zolarining 23,4 foizi NNT vakillari bo‘lib, ular orasida komissiya raislari, rais o‘rinbosarlari va kotiblari bor.

Uchastka saylov komissiyalari tarkibida nodavlat notijorat tashkilotlari faollarining ulushi 10 foizdan ortiqni tashkil qiladi. Jumladan, ularning 4778 nafari xotin-qizlar qo‘mitalari, 2321 nafari kasaba uyushmalari, 3395 nafari “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari hisoblanadi.

Uchinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘tkazishning borishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan. Xususan, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonini atroflicha o‘rganib, aholini qonun talablariga rioya etish haqida xabardor qilib bormoqda. Bu bilan saylov kampaniyasining demokratik talablarga muvofiq olib borilishiga ko‘maklashmoqda.

Shuni ta'kidlash kerakki, avvalgi parlament hamda Prezident saylovlari monitoringi natijalari jamoatchilik tomonidan keng muhokama etilib, saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada rivojlantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qildi.

Bundan tashqari, 37,5 ming nafar siyosiy partiyalar kuzatuvchisining 6 ming nafardan ortig‘i nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iboratdir. Ular ham ovoz berish hamda ovozlarni hisoblab chiqish jarayonining shaffofligini, qonuniyligini ta'minlaydi.

Shu o‘rinda mamlakatimizda aholining keng qatlami tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan mustaqil va barqaror nodavlat notijorat tashkilotlari tizimi yaratilgan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun ular saylovlarni adolatli, haqqoniy hamda halol o‘tkazishning, ochiqlik va oshkoralikning garovi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu yurtimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish yo‘lidagi demokratik islohotlarning yorqin natijasidir. Albatta, mazkur islohotlar mamlakatimiz rivojlanishining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda, tizimli, izchil hamda bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Binobarin, jamiyat va davlat qurilishining barcha jabhasidagi demokratlashtirish hamda modernizatsiyalash jarayoni aholining siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ongi yuksalishiga turtki berdi.

Ushbu demokratik o‘zgarishlarni shartli ravishda quyidagi bosqichlarga bo‘lish mumkin.

Birinchi bosqich, bu – 1991 – 2000 yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tashkil qilishning qonunchilik asosi yaratilgan davrdir. Ayni paytda nodavlat notijorat tashkilotlarining turli tashkiliy-huquqiy shakllari – jamoat birlashmalari, ommaviy ijtimoiy harakatlar, kasaba uyushmalari va boshqalar rivojlanishi hamda faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari shakllantirildi va huquqiy kafolatlari mustahkamlandi. Konstitutsiyamizning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi kafolatlangan. Bunda fuqarolarning jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqini amalga oshirishiga ko‘maklashish davlatning konstitutsiyaviy maqomdagi vazifasiga aylandi (34-modda).

Konstitutsiyamizning XIII bobi aynan nodavlat notijorat tashkilotlariga bag‘ishlangani ham bu sohadagi konstitutsiyaviy islohotlarning amaliy ifodasi sanaladi. U fuqarolarning nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil qilishga bo‘lgan huquq va erkinliklarini ta'minlashning qonuniy negizidir.

Mamlakatimizda konstitutsiyaviy qoida hamda kafolatlarga muvofiq va umume'tirof etilgan demokratik standartlarga javob beradigan “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi (1991 yil), “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi (1992 yil), “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi (1999 yil) va boshqa qonunlar qabul qilindi.

Ikkinchi bosqichda, ya'ni 2000 – 2010 yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarining mamlakatni demokratlashtirish jarayonidagi roli kuchaydi, ularni moddiy hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning huquqiy mexanizmlari takomillashtirildi. Bunda NNT mustaqilligini amalda ta'minlaydigan milliy infratuzilmaga asos solindi. Zero, erkin, yetarli darajada moliyaviy resurslarga va moliyalashtirishning mustaqil manbalariga ega bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlarigina o‘z maqsad hamda vazifalarini samarali bajarishi mumkin.

Mazkur davrda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish tizimi shakllandi. Fuqarolar ijtimoiy-siyosiy faolligi o‘sishi, milliy o‘zlikni anglash, aholining huquqiy madaniyati hamda ma'naviyati yuksalishi natijasida NNT o‘z manfaatlarini ilgari surish maqsadidagi sa'y-harakatlarini birlashtirdi. O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tuzildi. Bu tuzilmalar jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta'minlash, siyosiy va ijtimoiy sohada davlat organlari bilan o‘zaro tiyib turish tamoyilini joriy qilish, demokratik qadriyatlar, inson huquq, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoyalashda nodavlat notijorat tashkilotlarining mavqeini yuksaltirish imkonini berdi. “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi (2003 yil), “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi (2007 yil), “Homiylik to‘g‘risida”gi (2007 yil) va boshqa qonunlar qabul qilindi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 23 iyundagi “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining hayotga tatbiq qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning institutsional asoslarini yanada takomillashtirishga, ularning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishdagi huquqlarini, vakolatlarini kengaytirishga xizmat qildi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga NNTning fuqarolar huquq va manfaatlarini ta'minlashga, farovonligini oshirishga, mamlakatimizni sotsial-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga qaratilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun bilan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining asosiy kafolatlari sifatida faoliyat erkinligi, axborotdan foydalanish, ishchanlik obro‘sini, intellektual faoliyat natijalarini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan hamda ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari yoki harakatsizligidan himoya qilish huquqi belgilab qo‘yildi. Ushbu hujjat bilan davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi o‘z ifodasini topdi.

Mazkur qoidalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida 2008 yilda Oliy Majlis palatalari Kengashlarining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Unga binoan, oliy qonun chiqaruvchi organ huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi, shuningdek, Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tashkil etildi. Parlament komissiyasi tarkibiga mamlakatimizdagi yetakchi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari jalb qilindi.

NNTlarning moliyaviy barqarorligini ta'minlashda qonunchilikda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar belgilangani muhim omil bo‘ldi. Xususan, Soliq kodeksiga binoan, nodavlat notijorat tashkilotlari yuridik shaxslarning daromadiga soliq, qo‘shimcha qiymat solig‘i, yuridik shaxsning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hamda boshqalarni to‘lashdan ozod qilindi.

Uchinchi bosqich, aniqrog‘i, 2010 – 2014 yillar nodavlat notijorat tashkilotlarining demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi hamda davlat organlari va NNT o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni mustahkamlashdagi roli hamda ahamiyati kuchaygan davr bo‘ldi.

Jamiyat va davlat hayotining barcha jabhasida demokratik islohotlar chuqurlashishi jarayonida, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalgan bir sharoitda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, ularning faoliyatida aholi turli qatlamlari faol ishtiroki uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish va NNTning ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligini izchil oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirildi.

Bu davrda nodavlat notijorat tashkilotlari jamiyat va davlat munosabatlarining teng huquqli sub'yekti sifatida shakllanib, mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlar jarayoniga o‘z daxldorligini namoyon qila boshladi, yurt ravnaqi yo‘lida mas'uliyatli vazifalarni amalga oshirishga kirishdi. Davlat esa nodavlat notijorat tashkilotlarini teng huquqli sherik sifatida e'tirof etdi. Bunda parlament tomonidan 2010 yil noyabr oyida qabul qilingan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi muhim dasturilamal bo‘ldi. Ushbu hujjat asosida “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi kabi qonunlar qabul qilindi. Ular NNTlarning jadal rivojlanishida katta ahamiyat kasb etdi.

Bu borada, ayniqsa, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun muhim o‘rin tutadi. Mazkur Qonunga ko‘ra, davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar, qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi o‘zaro munosabatlarining tashkiliy-huquqiy mexanizmlari takomillashtirildi. Mahalliy vakillik organlari huzurida Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyalari shakllantirildi. Ularning tarkibiga davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari kiritildi. Jamoat komissiyalari mahalliy vakillik va ijro organlarining roli hamda mas'uliyatini yanada oshirish, NNTning erkin rivojlanishi, ularning mamlakatni yangilash va demokratik isloh etishda faol ishtirokini ta'minlash yo‘lida xizmat qilayapti.

Bundan tashqari, Prezidentning 2013 yil 12 dekabrdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining ushbu hujjat ijrosini ta'minlashga doir qarori nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy jihatlarini yanada soddalashtirdi. Xususan, NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji miqdori 5 baravar, ularning ramzlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan yig‘imlar miqdori 2,5 baravar kamaytirildi. Belgilanganidek, nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji mazkur qaror bilan tasdiqlangan davlat boji miqdorining 50 foizi miqdorida undiriladi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaatlari ikki oy muddat o‘rniga bir oy muddatda ko‘rib chiqilishi belgilandi. Shuningdek, NNTning ta'sis hujjatlarini rasmiylashtirish tartib-taomili soddalashtirildi. Ushbu hujjatlarni notarial tasdiqlash to‘g‘risidagi talab chiqarib tashlandi. O‘rnatilgan yangi tartibga muvofiq, mazkur hujjatlar ilgarigidek uchta nusxada emas, balki ikki nusxada hamda faqat davlat tilida topshiriladigan bo‘ldi. NNTni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni taqdim qilish tartibi ham soddalashtirilgani, ortiqcha hujjat talab etish sharti chiqarib tashlangani, adliya organlariga har chorakda NNT rahbar organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar haqida ma'lumot taqdim etish amaliyoti bekor qilingani maqsadga muvofiqdir. Yuridik shaxslar olti oy mobaynida bank hisobvaraqlari bo‘yicha pul operatsiyalarini o‘tkazish bilan bog‘liq moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan taqdirda bu ularni tugatish uchun asos bo‘lishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53-moddasi qoidasi nodavlat notijorat tashkilotlariga tatbiq etilmaydigan bo‘ldi.

Eng muhimi, NNT faoliyati ustidan nazorat qiluvchi organ sifatida Adliya vazirligiga nodavlat notijorat tashkilotlari huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlash vazifasi yuklatildi.

Ushbu sohadagi islohotlarning to‘rtinchi bosqichi 2014 yildan boshlanadi. Bu davrda nodavlat notijorat tashkilotlari jamoatchilik nazoratining real sub'yektiga aylandi. 2014 yilda Konstitutsiyamizning 32-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga binoan, jamoatchilik nazorati instituti konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlari nafaqat davlat organlarining teng huquqli sherigi hisoblanadi, ayni paytda ularning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirib kelmoqda. Bunday nazorat fuqarolarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini amalga oshirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, mansabdor shaxslarning mas'uliyatini kuchaytirishga qaratilgandir.

Hozirgi vaqtda “O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Unda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Shunday qilib, davlat nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati erkinligi kafolatlarini mustahkamlash, ularni barqaror hamda mustaqil rivojlantirish, shuningdek, NNTning muhim davlat qarorlarini qabul qilishdagi roli va ta'sirini kuchaytirish, fuqarolarning jamiyat hamda davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirib kelmoqda.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tadqiqotlari shuni ko‘rsatayaptiki, fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi (94,3 foizi) ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. So‘rovda qatnashgan NNT vakillarining 95,7 foizi esa ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magini yuqori baholaydilar. Ularning fikricha, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari NNTni teng huquqli sherik sifatida ko‘radi, ular bilan o‘zaro hamkorlik qiladi. Fuqarolar NNT hamda ular faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan xabardor. Bunda jamoat tashkilotlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlik ta'minlanayotgani, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qo‘l kelmoqda.

Shu yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimizdagi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun ham o‘ziga xos sinovdir. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi eng muhim tadbirda ularning faol hamda samarali ishtirok etishi nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yorqin amaliy ifodasi bo‘ladi.

Jahongir ShIRINOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.

Top