15:41 / 22.11.2016
7609

YeChL anonsi. Kim birinchi – «Borussiya» yoki «Real»?

Foto: twitter.com/@ChampionsLeague

Tribuna.Uz Yevropa chempionlar ligasining bugun bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlaridan anons berishni davom ettiradi. Navbatdagi guruh asosan 1 va 2 o‘rinlar uchun kurash kechayotgan F guruhi.

Turnir jadvali. Ortda qolgan to‘rtta turdan keyin guruhda Dortmundning «Borussiya» yetakchilik qilmoqda. Tuxel shogirdlari hisobida 10 ochko mavjud. «Legiya»da kutilmaganda ochko yo‘qotgan «Real» esa 8 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Sporting» yagona g‘alaba evaziga 3 ochko bilan Yevropa ligasi hududida joylashgan. «Legiya» uchun esa «Real»dan olingan ochkoning o‘zi final yo‘llanmasidek gap.

«Sporting» – «Real» Madrid (00:45, Match! Futbol 1)

Ikki oy muqaddam ikkala jamoa ishtirokidagi o‘yin ssenariysini uncha-muncha Hollivud filmlarida ham uchratish amri-mahol. 89-daqiqagacha «Sporting» sensatsion g‘alabaga yaqin turgandi. Biroq Ronaldu va qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘nggi soniyasida Alvaro Morata tomonidan kiritilgan gollar «Real»ga juda muhim uch ochkoni taqdim etgandi. Lissabonda mezbonlar Madriddagi 89 daqiqalik qahramonligini ko‘rsata oladimi yo‘qmi, buni bugungi uchrashuv ko‘rsatib beradi. «Sporting»ga g‘alabagina keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab qolishiga yordam beradi.

O‘yin oldidan. YeChLdan keyin ichki birinchilikda o‘tkazgan ikki uchrashuvda «Sporting» umumiy hisobda 8:1 natijasi bilan g‘alaba qozondi. Jamoa milliy chempionatda «Portu» bilan 2-3 o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. «Real» Madrid esa mana 29 uchrashuvdirki mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. So‘nggi marta Zidan shogirdlarini mag‘lub etgan jamoa «Volfsburg» edi. O‘tgan haftada jamoa Madrid derbisida 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bundan tashqari madridliklar Portugaliya klublariga so‘nggi yetti uchrashuvda biror marta ham yutqazmagan. Bularning barchasi ustunlik qaysi tomonda bo‘lishini ko‘rsatib turibdi.

Yo‘qotishlar. Zidan bu mavsumda biror marta ham optimal ko‘rinishdagi jamoasini maydonga tushira olmadi. Bugungi uchrashuvda ham yo‘qotishlar yetarlicha: Alvaro Morata, Kazemiro, Pepe va Toni Kroos maydonga tusha olmasliklari aniq. Serxio Ramos bo‘yicha ham Zidan tavakkal qila olmasa kerak. 

Taxminiy tarkiblar:
Sporting: 
1. Patrisiu, 31. Zegelar, 13. Koates, 35. Semedo, 15. Oliveyra, 11. Sezar, 14. Karvalyu, 77. Martinsh, 10. Ruis, 2. Skelotto, 28. Dost.
Real: 1. Navas, 2. Karvaxal, 5. Varan, 6. Nacho, 12. Marselo, 16. Kovachich, 19. Modrich, 22. Isko, 11. Beyl, 9. Benzema, 7. Ronaldu.

Imkoniyatlar. Shubhasiz o‘yinning favoriti mehmonlar. Bumekerlik idoralari bergan taxminlarda ham buni ko‘rish mumkin. «Sporting» g‘alabasi uchun koeffitsiyent o‘rtacha 5.30-5.40 stavkalarda baholanayotgan bo‘lsa, «Real» uch ochko olishiga ishonch yuqori bo‘lmoqda – o‘rtacha 1.60-1.70 koeffitsiyentlar atrofida

 

Borussiya D – Legiya (00:45, Match! Igra)

Varshavada kechgan birinchi o‘yin natijasidan xulosa qiladigan bo‘lsak, mehmonlarda hech bo‘lmasa bir ochko to‘plashga ham imkoniyat yo‘qligini ko‘rishimiz mumkin. O‘shanda Tuxel shogirdlari mezbonlar darvozasiga javobsiz oltita to‘p yo‘llagandi. Bahorgi mavsum uchun yo‘llanmani naqd qilib qo‘yganiga qaramay dortmundliklar birinchi o‘rinni saqlab qolishi uchun ham bu uchrashuvga o‘tkinchi o‘yin sifatida qaramasligi aniq.

O‘yin oldidan. Chempionatda bir tekis o‘yin ko‘rsata olmayotgan «Borussiya» so‘nggi turlarda yana o‘ziga keldi. «Hamburg» uyida qozonilgan yirik hisobdagi (5:2) g‘alaba va peshqadam «Bavariya»ni prinsipial o‘yinda mag‘lub etish (1:0) so‘zimizni isbotlab turibdi. «Legiya»ni esa ichki chempionatda ham muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatyapti deb aytib bo‘lmaydi. Stanislav Cherchesov klubni tark etgach, yangi jamoa Polsha chempionatida ham yomon o‘yin ko‘rsata boshladi. So‘nggi turlardagi g‘alabalar evazigagina jamoa 4-o‘ringa ko‘tarildi. YeChLdaku «Real»ga qarshi o‘yindagi qahramonlikni hisobga olmasa ahvol juda yomon.

Yo‘qotishlar. «Borussiya» asosiy darvozaboni Roman Byurki «Bavariya»ga qarshi uchrashuvda qo‘lini sindirib oldi va endi joriy taqvim yilida jamoasiga yordam bera olmaydi. Marko Roys esa endi tuzalaman deganda yana jarohatini yangilab oldi. Boshqa tomondan jamoada yo‘qotishlar yo‘q.

Taxminiy tarkiblar
Borussiya:
 Vaydenfeller, Bartra, Papastatopulos, Shmeltser, Pishchek, Ginter, Kastro, Vaygl, Pulishich, Dembele, Obameyang
Legiya: Malyaj, Bereshinski, Jyeznichak, Pazdan, Gloushek, Kopchinski, Mulen, Gilerme, Odjidja-Ofoe, Radovich, Nikolich.

Imkoniyatlar. Agar «Legiya»ning yutishiga ishonsangiz, sizni 31,1 koeffitsiyentdagi stavka kutmoqda. Bukmekerlik idoralarida Polsha klubi g‘alabasini shu qiymatda baholashmoqda. Eng past stavka 21,0 koeffitsiyent. «Borussiya»ning imkoniyatlarini esa deyarli barcha kontoralar bir xil baholagan — 1.09-1.11 koeffitsiyent.

Top