20:08 / 24.11.2016
11094

Nazarboyev Ostonani o‘z sharafiga qayta nomlash taklifiga munosabat bildirdi

Foto: TASS

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat poytaxti Ostona shahrini o‘z nomi bilan qayta atash taklifiga munosabat bildira turib, buni diqqat bilan muhokama qilish zarurligini ta'kidladi. Bu haqda u 24 noyabr kuni modernizatsiya jarayonlariga bag‘ishlangan yig‘ilish chog‘ida ma'lum qilgan.

«Men barchaga, parlamentga bizning rivojlanish bosqichlarimiz qayd etilgan deklaratsiyamiz uchun rahmat aytaman. Bu deklaratsiyada mening rolim alohida qayd etilgan. Albatta, inson sifatida bu men uchun yoqimli», — degan Nazarboyev.

Shu bilan birga uning o‘zi Ostonaga nomi qo‘yilishi taklifiga xayrixoh emasligini qo‘shimcha qilgan.

«Barcha masala, ayniqsa, shaharlar va aholi turar joylariga qayta nom berish masalasini diqqat bilan muhokama qilish zarur», - degan prezident.

Ostonaga qayta nom berish masalasi bo‘yicha taklifga u shunday munosabat bildirgan: «Men buyruq berishimni bilishadi. Kecha parlamentda poytaxtni mening nomim bilan atash taklifi berilibdi. Men hech kimga bunday gap aytmaganman».

Bir kun oldin parlament deputati Kuanish Sultanov Ostona shahrini Nursulton Nazarboyev sharafiga qayta nomlash taklifini bildirgandi. 

«Mamlakat konstitutsiyasida birinchi prezident — Millat yetakchisi Nursulton Abishevich Nazarboyevning davlatimiz qurilishiga qo‘shgan mislsiz hissasini qayd etishni taklif qilamiz. Yel basi (millat yetakchisi) ismi poytaxt hamda mamlakatning boshqa muhim obektlari nomida aks ettirilsin», — deyiladi 16 dekabrda nishonlanadigan Qozog‘iston mustaqilligining 25 yilligi deklaratsiyasi loyihasida. Sultanovning taklifi boshqa deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni 25 yildan buyon boshqarib kelmoqda. U prezident bo‘lishidan oldin respublika kompartiyasi markaziy kengashining bosh kotibi bo‘lgan. Ayni vaqtda uning to‘rtinchi prezidentlik muddati o‘tmoqda. Nazarboyev «millat yetakchisi» maqomiga ega bo‘lib, bu uning oilasi jinoiy tekshiruvlardan daxlsiz bo‘lishini kafolatlaydi.

Shaharga 1998 yilda Ostona nomi berilgan, shahar nomi ungacha Oqmola bo‘lgan. Shaharning undan oldingi nomlari esa Tselinograd va Akmolinsk edi. Shaharni bundan avval ham Nazarboyev nomi bilan atash taklif etilgan, ammo prezident bu taklifni qo‘llab-quvvatlamagandi.

Top