12:08 / 29.11.2016
4317

Haitida prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi

Foto: AFP

Haitining hukumatparast "Tet Kale" partiyasi nomzodi Jovenel Moiz, dastlabki natijalarga ko‘ra, prezidentlik saylovining birinchi turida 55,67 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan, deb xabar qilmoqda Frans Press agentligi.

Muvaqqat saylov kengashi rahbari Uder Antuanning bayonot berishicha, Jovenel Moiz siyosiy raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirgan. Prezidentlik uchun kurash olib borgan Jyud Selestan 19,52 foiz, Jan-Sharl Moiz 11,04 foiz va Mariz Narsiss 8,99 foiz ovoz to‘play olgan. Xabar qilinishicha, saylovlarning yakuniy natijasi 29 dekabrda e'lon qilinadi. 

Umuman davlat rahbarligi lavozimiga 27 nafar nomzod kurash olib borgan. Biroq, yuqoridagi 4 nafar siyosatchi asosiy da'vogar hisoblangan. 

Haitidagi prezidentlik saylovining birinchi turi 2015 yil oktabr oyida o‘tkazilgan edi, ammo uning natijasi adolatsiz usullardan foydalanilgani va xavfsizlik nuqtai nazaridan bekor qilingandi. Shundan so‘ng, yangi saylovlar 2016 yil 9 oktabrga belgilangan, biroq, keyinroq u ham ortga surilgandi. 

Haiti prezidenti Mishel Martelli esa fevral oyida o‘z lavozimidan iste'fo berdi. Chunki, davlat rahbarini saylash bo‘yicha ovoz berish muddati norozilik namoyishlari va xavfsizlikni ta'minlash maqsadida bir necha marotaba ko‘chirildi. U iste'foga chiqishdan avval, parlament bilan muvaqqat hukumat tuzish borasida kelishib olgan edi. Haiti prezidenti vazifasini bajaruvchi Josolermo Prever 14 fevralda Milliy Assambleya tomonidan ushbu lavozimga saylangandi. 

Mavzuga oid
Top