17:33 / 29.11.2016
36851

O‘zbekiston mudofaa vaziri: Rossiya O‘zbekistonning asosiy strategik hamkori

Foto: mil.ru

O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-polkovnik Qobul Berdiyevning bayonot berishicha, Rossiya O‘zbekiston uchun asosiy strategik hamkor hisoblanadi. U rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan uchrashuvida shunday fikrni bildirgan. 

"Bizni Rossiya bilan juda ko‘p narsa bog‘lab turadi. Aytish mumkinki, bog‘lab turadi emas, balki biz qandaydir bo‘linmaganmiz. Balki, o‘zaro hamkorligimiz unchalik ham faol bo‘lmagan davrlar bo‘lgandir, biroq, biz har doim Rossiya bilan birgamiz, Rossiya biz uchun asosiy strategik hamkordir", — degan Berdiyev.

U shuningdek, o‘zbek ofitserlari va kursantlariga Rossiya harbiy o‘quv bilim yurtlarida ta'lim berilishining qayta boshlanishi munosabati bilan ham hamkasbiga minnatdorchilik bildirgan. O‘quv jarayonlariga 2012 yilda barham berilgan edi. 

O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlarining uchrashuvida ikki davlat o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida avvalroq xabar qilingan edi. 

Top