18:36 / 03.12.2016
5248

Sergey Lebedev: "Nomzodlar boshqalardan farqli o‘laroq bir-birining sha'nini bulg‘amagan holda o‘z dasturlarini targ‘ib kilishdi"

Foto: Elections-2016

O‘zbekistonga MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev tashrif buyurdi. Tashrifi chog‘ida bugun Lebedev “Elections-2016” press-klubining navbatdagi sessiyasida ishtirok etdi.

Jurnalistlar bilan suxbat chog‘ida Sergey Lebedev bugun mamlakatimizda kechayotgan muhim jarayon to‘g‘risida quyidagi fikrlarni aytib o‘tdi: 

“Men O‘zbekistonda tug‘ilib, o‘sganman. Saylov jarayonlari haqida gapiradigan bo‘lsam, man bir qator, jumladan Jizzax viloyatidagi, bugun esa sukunat kuni bo‘lishiga qaramay Toshkentdagi saylov uchastkalariga tashrif buyurib, juda ko‘p ijobiy taassurotlarga ega bo‘lganimni aytmoqchiman. Saylov uchastkalari uchun tanlangan joylarning asosiy qismini oliy ta'lim muassasalari, maktab binolari, madaniyat uylari binolari tashkil etishi bizni quvontirdi. 

Saylovoldi tayyorgarliklarning axborotlari, nomzodlarning saylovoldi dasturlari, ular haqidagi ma'lumotlarning ham o‘zbek, ham rus tilida aholiga yetkazilayotgani tahsinga sazovor. Saylov uchastkalarida aholi o‘zini qiziqtirgan barcha savollarga javob topishi uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. 

Biz kuzatuvlarimiz jarayonida saylov uchastka vakillari bilan suhbatlashdik. Ularning saylovchiga yetarli darajada axborot bera olishiga ishonch hosil qildik va o‘tkazilgan seminarlar, treninglar samarasini berganiga guvoh bo‘ldik. Bundan tashqari saylov jarayoniga uchastkalarning tayyorligini ko‘zdan kechirib, har bir saylov uchastkalarida tashkil etilgan ona-bola, tibbiyot xonalariga guvoh bo‘ldik. Shuningdek, O‘zbekistondagi saylov jarayonlarida imkoniyati cheklanganlarning ovoz berishini tashkil etish uchun alohida xonalarning mavjudligini  alohida e'tirof etish kerak.

O‘zbekistonga har yili tashrif buyuraman. Har tashrifimda yangidan-yangi ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘laman. Yangi yo‘llar, yangi zamonaviy binolar nafaqat meni, boshqa hamdo‘stlik mamlakatlari vakillarini ham albatta quvontirmay qolmaydi.

Har bir nomzodning saylovoldi dasturi bilan tanisharkanmiz, ularning barchasida bitta maqsad, ya'ni O‘zbekiston xalqi hayoti va kelajagini yanada ijobiy tomonga o‘zgartirish o‘rin olgan.

Yaqinda AQShda bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlarini barcha kuzatgani shubhasiz. Guvohi bo‘lganimizdek, AQSh prezidentligiga qo‘yilgan nomzodlar bir-birining sha'niga bildirgan salbiy fikrlar hech kimni e'tiboridan chetda qolmagani aniq. Ammo ulardan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda saylov kampaniyasi ham, nomzodlarning dasturlari ham faqat ijobiy jihatlarni qamrab olgan. Nomzodlar bir-birining sha'nini bulg‘amagan holda o‘z dasturlarini targ‘ibotini tashkil etishdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun nomzodi qo‘yilganlarning asosiy maqsadi saylovchilarni ishonchini qozonishdan iborat. 9 yildan buyon saylov jarayonlarini kuzatar ekanman, MDH davlatlari o‘rtasida har doim bu jarayonda o‘rganadigan jihatlar bo‘ladi.

Top