20:52 / 14.12.2016
14702

O‘zbekistonlik bir guruh yoshlar “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi

Toshkentdagi “Turkiston” saroyida “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ushbu ko‘krak nishoniga nomzodlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining quyi tashkilotlari va jamoatchilik tomonidan taqdim etilib, sovrindorlarga mukofot Harakat markaziy kengashining qarori asosida berilayotir. Zero, bugun mamlakatimizda sog‘lom fikrli yoshlarni o‘z atrofida birlashtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va manfaatlarini ta'minlashda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining ham muhim o‘rni bor. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonining Harakat tomonidan topshirilishi yoshlarni ushbu tashkilot atrofida yanada jipslashishga, ularni bir kuch bo‘lib, o‘z bilim va iste'dodi, fidoyiligi bilan Vatanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishga rag‘batlantirmoqda.

Marosimda ilm-fan, madaniyat, san'at, ta'lim, sog‘liqni saqlash, jurnalistika, sport, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda o‘qiyotgan, ishlayotgan hamda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, yuksak natijalarga erishayotgan 50 nafar yigit-qizga “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.

Tadbir yosh ijrochilar va san'at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Suratlar: R.Nazarmatov

Top