17:06 / 16.12.2016
9738

Aviayo‘lovchilarning qanday insonligini taomidan bilish mumkinmi?

Shveytsariyaning Swiss Airlines aviakompaniyasi xavfsizlik bo‘yicha menejyeri Marina Ripa-Brisku Smarter Borders konferensiyasida ma'ruza qilar ekan, yo‘lovchi haqida uning taomidan kelib chiqqan holda xulosa chiqarish mumkin degan fikrni ilgari surgan. Ya'ni, uning aytishicha, yo‘lovchining parvozdan oldingi taom buyurtmasi, xususan, «kosher (yahudiylar dini qoidalariga mos keluvchi yegulik) yoki musulmoncha taom inson haqida ko‘p narsani bildiradi».

Ripa-Brisku o‘z chiqishi doirasida Yevropa kompaniyalarining samolyotlaridagi xavfsizlikni yaxshilash masalasiga ham to‘xtalgan hamda kelgusida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan choralar haqida so‘z yuritgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab yo‘lovchilarning parvozlardan avval qanday taomni buyurtma berishidan kelib chiqqan holda, yo‘lovchining qanday insonligi bo‘yicha qarashni shakllantirsa bo‘ladi. Ripa Brisku buni yuklarning dastlabki tekshiruvlariga qiyosladi. 

“Masalan, agar yo‘lovchi musulmoncha, vegetarian yoki kosher taomni ma'qul ko‘rsa, uning qanday odamligi xususida ko‘p narsani aytish mumkin”, - degan Swiss Airlines xavfsizlik menejyeri Marina Ripa-Brisku. 

Twitter foydalanuvchilari esa, Shveytsariya havo yo‘llari kompaniyasining bunday taklifiga keskin tarzda fikrlar bildirishgan. Ularga ko‘ra, buning uchun alohida «kosher taomlar ro‘yxati»ni tuzib chiqish talab etiladi.

Bunday da'volarga nisbatan Swiss Airlines rasmiy sahifasida mijozlarining taomi, dini va siyosiy qarashlariga doir ma'lumotlarni hech kimga oshkor qilish niyati yo‘qligini bildirgan. 

Hozirda, xususiy aviakompaniyalar yo‘lovchining ismi-sharifi, yoshi, fuqaroligi va jinsi haqida davlatga ma'lum qilishi kerak. 

Mavzuga oid
Top