10:00 / 23.12.2016
7329

Yaponiya imperatori 83 yoshga kirdi

Foto: AP

Yaponiya imperatori Akixito bugun o‘zining 83-tavallud kunini nishonlamoqda. Mamlakatda 1989 yildan beri shu kun milliy bayram sifatida nishonlanadi. Monarx barcha yaponlarga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirib, majburiyatlari va taxtni asta-sekin 56 yoshli valiahd Naruxitoga berish niyatida ekanini yana bir bor eslatib o‘tdi.

Tokiodagi imperator saroyiga esa rekord sonli yaponlar va xorijlik turistlar kelishdi. Ular imperatorni tavallud kuni bilan tabriklashni maqsad qilishgan. Tashkilotchilar hisob-kitobiga ko‘ra, yig‘ilganlar soni 33 ming kishini tashkil etdi. 

An'anaga ko‘ra, u kishilar oldida binolardan biridagi oyna bilan yopilgan boloxonali ayvonda rafiqasi Mitiko va boshqa oila a'zolari bilan birga paydo bo‘ldi. Yig‘ilganlar Yaponiya bayrog‘ini hilpiratib, "banzay" deya qichqirishgan hamda imperatorga "10 ming yil umr" tilashdi.

Imperatorning o‘zi esa kelganlarga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u Niigata prefekturasida ro‘y bergan kuchli yong‘in oqibatida jabrlanganlarga hamdardlik izoh etgan hamda Tailandning vafot etgan qiroli haqida ham eslab o‘tdi. 

Yaponiyada bu kun dam olish kuni etib belgilangan. Joriy yildagi tadbirga esa e'tibor ayniqsa kuchli. Sababi Akixito avgustda taxtdan ketish va uni o‘zining katta o‘g‘li – 56 yoshli Naruxitoga berishi haqida ma'lum qilgandi. Ayni damda hukumat qoshidagi maxsus komissiya ushbu masalani ko‘rib chiqmoqda.

Gap shundaki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, imperator taxtda o‘limiga qadar qolishi kerak. Biroq, so‘rovlar natijasiga ko‘ra, yaponlarning aksariyati Akixitoning bunday qarorini tushunish bilan qabul qilishgan.

Akixito 1933 yilning 23 dekabr kuni tavallud topgan. U dunyodagi eng yirik monarxiya avlodi vakili sanaladi. Akixito 1952-1956 yillarda Tokioning Gakusyuin universitetidagi siyosat va iqtisodiyot fakultetida tahsil olgan. U 1952 yilning 10 noyabr kuni taxt vorisi sifatida e'lon qilingan. Yaponiyaning 125-imperatoriga esa 1989 yilning 7 yanvar kuni, otasining o‘limidan so‘ng aylandi. 
 

Mavzuga oid
Top