20:05 / 26.12.2016
29404

“Mo‘minga begona bahor”: mashhur suxandon Abdumo‘min O‘tbosarovga bag‘ishlangan kitob taqdim etildi

Bugun Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Xalq artisti Abdumo‘min O‘tbosarov xotirasiga bag‘ishlangan maxsus tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator suxandonlar – Dilorom Umarova, Farhod Bobojonov, Ra'no Jo‘rayeva, Galina Melnikova va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo‘ldoshev qalamiga mansub “Mo‘minga begona bahor” nomli kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Bu haqda suxandon Kun.uz saytiga xabar berdi.

Yo‘ldoshevning ma'lum qilishicha, kitob “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan 2000 nusxada chiqarilgan bo‘lib, mashhur suxandonning o‘limidan bir yil o‘tib taqdim etildi. 

Kitobda Abdumo‘min O‘tbosarov hamkasblarining xotiralari, turli rangli fotosuratlar, suxandonning o‘zi chizgan suratlari, she'rlari, hikoyalari o‘rin olgan. 

Muslimbek Yo‘ldoshevning xabar berishicha, 222 sahifadan iborat ushbu xotira asari uning 12-kitobi.

Shuningdek, Abdumo‘min O‘tbosarovning o‘zi o‘qigan hikoyalari ham alohida disk shaklida taqdimotga kelgan insonlarga esdalik sifatida topshirildi.

Kitob yaqin kunlarda sotuvga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xalq artisti, oliy toifali diktor Abdumo‘min O‘tbosarov 1960 yilning 24 aprel kuni tavallud topgan bo‘lib, uzoq yillar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida suxandonlik qildi. U 2016 yilning 1 yanvar kuni vafot etgan.

Kun.uz cayti Abdumo‘min O‘tbosarovni xotirlab eng yaqin hamkasblari bilan suhbat uyushtirdi

Mavzuga oid
Top