09:40 / 22.01.2017
87187

Sh.Mirziyoyev: “Ijro organi rahbarlarining eng kattasidan kichigigacha oyog‘i yerdan uzilgan”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, u yerdagi vaziyat bilan yaqindan tanishdi va xalq vakillari bilan muloqotda bo‘ldi. Shuningdek, rahbar mutasaddilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ularda qator muhim masalalar ko‘tarildi. 

Shavkat Mirziyoyev Xo‘jayli tumanidagi shifoxonalar, muruvvat uyini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, ushbu hududda joylashgan 69-maktabda bo‘ldi. Uning atrofi, sinf xonalari, sport zali, umuman, maktab faoliyati bilan bog‘liq barcha jihatlar Prezident e'tiboridan chetda qolmadi. Maktab ta'limini rivojlantirishga oid ko‘plab takliflar o‘rtaga tashlandi. Davlat rahbari maktabdagi sharoitlarni e'tirof etish bilan birga ko‘zga tashlanayotgan ayrim kamchiliklarni tanqidiy baholab, ularni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Isitish tizimi, qoraqalpoq tilidagi kitoblarning kamligiga e'tibor qaratildi. 
"Biz bugun haqiqiy ahvolni o‘rgandik. Haqiqiy ahvol juda yomon desak, bu sekin aytilgan gap bo‘ladi. Hozirgi sharoit talabga mutlaqo javob bermaydi. Men hozirgacha o‘zimga kelolmayapman: muruvvat uyiga bordik - u yerdagi vaziyat va bu yerdagi rahbarlarning balandparvoz gaplari odamni o‘ylantiradi, albatta. 

Men har doim aytaman - mozorlarga, muruvvat uylariga qaraylik, qancha-qancha pullar berdik, qancha e'tibor qildik, lekin ming afsus, shu muruvvat uyi misolida bilsak bo‘ladiki, hali ijro organi rahbarlarining eng kattasidan kichigigacha oyog‘i yerdan uzilgani va pastga tushmagani - haqiqat. Inoyatov shu yerdami? Hokim-ku mayli - ko‘zi ko‘rmay, oyog‘i yerdan uzilgan, bugun ishdan olindi, siz-chi? Har safar aytaman - pastga tushinglar, pastga tushinglar... hamma uchib yuribdi-ku! Bu yerdagi vaziringiz kim? Siz qachondan beri ishlayapsiz? Nimaga ahvol bunday, ayting-chi? Qancha-qancha pullar berildi, tarqatib yuborsangiz, bitta daraxt ekmasangiz, maktabni atrofini obod qilmasangiz, sovuq bo‘lsa, xonalarni ichiga kirib bo‘lmasa, ma'naviyat bo‘lmasa... Ming afsus, pullarni sizga o‘xshagan ijro organi rahbarlari talon-taroj qilgan desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Ota-ona qanday qilib sizga farzandini ishonadi? Xo‘jayli eng katta tuman bo‘lsa... Vaziringizni nima qilib ushlab o‘tiribsiz? O‘zingiz, muovinlaringiz Toshkentda nima qilib ishlab o‘tiribsiz?

Maktab, bog‘cha - eng katta zaminimiz. Hali oliygohni ko‘ramiz. Ba'zi vazirlarimizga dam olish kunlari yurish yoqmas, lekin vazir va vazir o‘rinbosari kichik lavozim emas! O‘zbekistonning ertangi kunini kim o‘ylaydi? Abduhakimov, avval bu sizga qarashli edi, mana qanday "meros" qoldirgansiz! Umuman bugungi ahvol: na bir yaxshi yo‘l ko‘rdim, na bir yaxshi imorat ko‘rdim, na bir bolalar bog‘chasi ko‘rdim... Faqat bir narsa quvontirdi - odamlarda umid bor, ishonch bor", - dedi davlatimiz rahbari. 

Mavzuga oid
Top