12:27 / 25.01.2017
105366

Jahon mamlakatlaridagi korrupsiya darajasi: O‘zbekiston qaysi o‘rinda?

Xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti Transparency International dunyoning turli mamlakatlaridagi korrupsiya darajasini aks ettiruvchi reytingini e'lon qildi

Qayd etilishicha, reytingda umuman ballga ega bo‘lmagan mamlakat korrupsiya domiga to‘liq sho‘ng‘iganini, 100 ballga ega mamlakatda korrupsiyaning deyarli yo‘qligini anglatadi. Ammo, bu yilgi reytingda ham hech bir davlat yuqori ballni to‘play olmagan. 2016 yilgi reytingning o‘rtacha ko‘rsatkichi 43 ballni tashkil etgan, ro‘yxatdagi 176 mamlakatning 2/3 qismidan ko‘prog‘ining to‘plagan balli 50dan pastligi ta'kidlanadi. Bu esa, ushbu mamlakatlarning davlat sektorida korrupsiya darajasi yuqori ekanidan dalolatdir, deya qayd etishgan reyting tuzuvchilari. 

2015 yil kabi 2016 yil reytingini ham 90 ballik ko‘rsatkich bilan Daniya boshqarmoqda. Yangi Zelandiya shunday natija bilan birinchi o‘rinni baham ko‘rgan. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda  Finlyandiya va Shvetsiya bo‘lsa, kuchli o‘nlikka, shuningdek, Shveytsariya, Norvegiya, Singapur, Niderlandiya, Kanada, Germaniya, Lyuksemburg, Buyuk Britaniya (so‘nggi uch davlat 10-o‘rinda) kirgan. 

Tashkilotga ko‘ra, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan mamlakatlar matbuot erkinligining yuqori darajasi, byudjyetga doir ma'lumotlarning shaffofligi, hokimiyat mulozimlarini pul evaziga sotib olish imkonsizligi, boy va kambag‘al odamlarni farqlamaydigan hamda davlat tizimining boshqa qismlaridan tom ma'noda mustaqil ravishda faoliyat yurituvchi sud organlari bilan ajralib turadi. 

Ro‘yxatning eng oxirgi o‘ntaligiga (kamayib borish tartibida) Iroq, Venesuela, Gvineya-Bisau, Afg‘oniston, Liviya, Sudan, Yaman, Suriya, KXDR (Shimoliy Koreya), Janubiy Sudan va Somali kirgan. 

Dunyoning yirik davlati bo‘lgan Rossiya 29 ball to‘plab, 131-o‘rinni egallagan. Ukraina, Qozog‘iston, Eron va Nepal Rossiya bilan bir xil ko‘rsatkichni namoyon etgan, deyiladi Transparency International hisobotida. 

Tashkilot reytingidan o‘rin olgan O‘zbekiston esa (21 ball) Kamboja, Kongo Demokratik Respublikasi bilan birgalikda 156-o‘rinni band etib turibdi. O‘zbekistonning o‘tgan yilgi bu boradagi ko‘rsatkichi 19 ballga teng bo‘lgan edi. Respublikaning Markaziy Osiyodagi yonqo‘shnilari bo‘lgan Tojikiston 25 ball to‘plab 151-o‘rinni, Turkmaniston 22 ball bilan 154-o‘rinni band etgan. Qirg‘izistonning bu boradagi ko‘rsatkichi birmuncha yuqori, u 28 ball bilan 136-o‘ringa joylashgan. 

Hisobotda qayd etilishicha, eng yomon ko‘rsatkichlar, ushbu mamlakatlarda davlat institutlarining ishonchsizligi hamda OAVning yetarli darajada mustaqil emasligini isbotlaydi. Shu o‘rinda, ta'kidlash o‘rinliki, so‘nggi vaqtlarda, O‘zbekistonda korrupsiyaga barham berish bo‘yicha choralar ko‘rila boshlandi. Shunga binoan, tashkilotning keyingi reytinglarida, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini sezilarli yaxshilab olishiga umid qilamiz. 

Shu bilan birga, Transparency International, umuman, dunyo bo‘ylab korrupsiya holati o‘sganini qayd etar ekan, bunda AQSh prezidenti Donald Tramp va Fransiya prezidentligiga nomzod Marin Le Pen kabi populist-siyosatchilarni ayblagan. 

Tashkilot fikricha, siyosatchilar o‘z chiqishlarida «korrupsiyalashgan elita» va o‘z fikriga ega bo‘lmagan ishchi sinflar o‘rtasini keskin ajratib yuboradi. Aslida esa, amalda korrupsiyaga qarshi kurash borasida hech qanday chora ko‘rilmayotgan bo‘ladi. Transparency International tashkiloti, shuningdek, Donald Trampning qator korrupsiyaga qarshi qonunlarni bekor qilishni rejalashtirayotganini ham qayd etgan. 

 

Mavzuga oid
Top