11:41 / 22.02.2017
10348

Harbiy sudlarning shtat birliklari Oliy sud tizimiga o‘tkazildi

21 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi.

“Harbiy sud sudyalarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiritilganligi, adliya organlari tomonidan umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta'minlash tartibi sud hokimiyatining mustaqilligi tamoyiliga muvofiq kelmayapti.

Sudlar tizimining amaldagi tuzilmasi va shtat birligi xizmat vazifalarini oqilona taqsimlash imkonini bermayapti, bu esa ularni zamon talablarini inobatga olgan holda takomillashtirish va maqbullashtirishni talab etadi”, deyiladi farmon matnida.

Farmonga muvofiq, harbiy sudlarning shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga o‘tkazildi.

Jumladan, farmonda sudlar faoliyati samaradorligini oshirish va sud kadrlari zaxirasini tayyorlash uchun sudlar tuzilmasiga sudya yordamchisi, sudya katta yordamchisi lavozimlarini kiritish nazarda tutildi.

Top