10:34 / 01.03.2017
38669

Rustam Azimov: O‘zbekiston neftni qayta ishlovchi yangi zavod qurishni rejalashtirmoqda

Rasmiy Toshkent Anqara bilan iqtisodiy sohada hamkorlikni kengaytirishni istaydi. Bu haqda  O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov Istanbulda o‘tkazilgan Turkiya-O‘zbekiston biznes-forumida ma'lum qilgan. 

Biznes-forum Turkiya tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha kengash (DEIK) tomonidan tashkil etilgandi. 

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston Turkiya bilan neftkimyo sohasida, shuningdek, oltin, kumush va uran kabi foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilishi mumkinligini qayd etib o‘tgan.

Rustam Azimovning ma'lumot berishicha, O‘zbekistonda yaqin yillar ichida neftni qayta ishlash bo‘yicha uchinchi zavod qurilishi ko‘zda tutilgan.

«Hozirgi vaqtda O‘zbekiston hududida ikkita neftni qayta ishlash zavodi faoliyat olib bormoqda. Biz uchinchi zavodni ham qurmoqchimiz. Mazkur loyihani amalga oshirishga Turkiya tomoni ham jalb etilishi mumkin, deb hisoblaymiz», — degan Rustam Azimov.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistondagi neftni qayta ishlovchi ikki zavoddan biri Buxoroda, ikkinchisi esa Farg‘onada joylashgan.

Top