14:36 / 04.04.2017
51428

“Qora bozor”ning qorasi

Ro‘zg‘or tashvishida Shahrisabzdagi “Arabon” buyum bozorini aylanib yurgan qarshilik Mashhuraning oldidan chiqqan uch yigit dollar masalasida yordami berishlari mumkinligini shama qilishdi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

U biroz o‘ylanib turib, so‘mi borligi, shuni dollarga almashtirish kerakligini aytgan edi, yigitlardan yoshi kattarog‘i “qancha olasiz!” deb so‘radi.

-  Ko‘proq kerak edi. 102 mln. so‘mga qancha dollar olsam bo‘ladi?

-  Hozir aytamiz-da, opajon, - “hojatbaror” dollarfurush zumda kalkulyatorda hisobladi. – 16 ming 200 dollar 102 mln. 60 ming so‘m bo‘lar ekan...

Mashhura Bahodir, Tohir va Isomiddin bilan tanishib oldi. Ularning qo‘l telefonlari raqamini olib, qo‘ng‘iroqlashgach, pulni olib kelishini aytdi.

Darhaqiqat, oradan sakkiz kun o‘tib, “Arabon” bozoriga yoniga “Damas” rusumli avtomashina kelib to‘xtadi. Mashinada haydovchidan tashqari ikki nafar ayol ham bor edi. Ularni bozor yonida turgan Bahodir sheriklari Tohir va Isomiddin bilan qarshi olishdi. Ayollardan biri – Mashhura Sayfullayeva ularga va'da qilingan pulni olib kelganini aytgan edi, salondagi qora qutilarga joylangan pullarni ko‘rib, yigitlarning kayfiyati ko‘tarildi. Axir bunday “katta savdo” har kuni ham bo‘lavermaydi-da!

Ular dastlab 5 ming 400 AQSh dollari olib kelib, Mashhura va uning sherigi Dildoraga tutqazishdi. Isomiddin telefonda kim bilandir hovliqqancha gaplashdi. So‘ng Tohir bilan borib, ikki ayol va ikki erkakni boshlab keldi.

Ayollardan biri – shahrisabzlik Gulchehra Aliqulova o‘g‘li, qaynukasi va ovsini bilan bozorga dollar almashtirgani kelgan ekan. Isomiddin 37 mln. 500 ming so‘m evaziga undan 6 ming AQSh dollarini olib, Mashhuraga berdi. So‘ng “Damas”ga chiqib, 71 mln. 820 ming so‘mni sanab olishdi.

“Damas”da yana ancha dollarga yetgulik pul bor edi. Yigitlar biroz o‘ylanib turishdi. Keyin Bahodir tanishi Fayozaga qo‘ng‘iroq qilib, 4 ming AQSh dollari topib berishni so‘radi. Telefonni o‘chirib, Mashhuraga “Yangi Kesh” bozoriga boramiz”, dedi. Hammalari “Damas”da yo‘lga tushishdi.

Ularni Farrux va Bekzod ismli yigitlar bilan kutib olgan Fayoza Bahodir bilan kelishib olgach, yigitlarga “Damas”dagi pulni tez sanashni buyurdi. Ular  “yeng shimarib” ishga tushishdi. Mashhura “ko‘ki” nima bo‘ldi, deb so‘ragan edi, Fayoza uning qo‘liga 2 ming 200 dollar tutqazdi. So‘ng qayoqqadir ketib, quti ko‘targan o‘smir – Shahzod bilan birga qaytib keldi. Qolgan 2 ming 600 dollarini Mashhuraga berib, yigitlarni pullarni qutilarga joylashni buyurdi.

-  To‘xtanglar, pulni obketib qolmanglar, - yigitlarni to‘xtatdi Mashhura. U negadir xavotirda edi. – Men dollarni qayta sanab ko‘rishim kerak, kamroq chiqdi.

AQSh dollarlari qayta sanalgunicha, uch yigit pul solingan quti va sumkalarni olib, g‘oyib bo‘lishdi. Shu paytda voqea joyida hozir bo‘lishgan departament xodimlari “valyutafurush”larni qo‘lga olishdi. Ularning yonida bo‘lgan pullar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirildi.

Jinoiy ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumani sudi Bahodir Isroilovga eng kam ish haqining 150, Isomiddin Xurramovga 114, Tohirjon To‘ychiyevga 80, Fayoza Nazarova, Farrux Mustafoyev, Gulchehra Aliqulovalarga 75, voyaga yetmagan Shahzod Xudoyberdiyevga 10 baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi. Voyaga yetmagan ukasi Shahzodni jinoyat sodir qilishga jalb qilgan Bekzod Xudoyberdiyevga 2 yil sinov muddati belgilandi. Ashyoviy dalil deb topilgan 19 ming 190 AQSh dollari, 164 ming 850 Rossiya rubli, 40 ming so‘mga teng bo‘lgan qozoq tengesi va 4 mln. 31 ming so‘m pul davlat foydasiga o‘tkazildi.

 

Mavzuga oid
Top