21:37 / 04.04.2017
70603

Shavkat Mirziyoyev Moskvaga yetib bordi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4 aprel kuni davlat tashrifi bilan Moskvaga keldi

Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan “Vnukovo-2” aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlat rahbarini Rossiya Federatsiyasi hukumati a'zolari kutib oldi. 

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashadilar. 

Mamlakat Prezidentining davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston bilan Rossiyaning turli sohalardagi hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan 50 dan ortiq hujjat imzolanishi mo‘ljallangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifiga tayyorgarlik doirasida mamlakatimizning Moskva shahridagi elchixonasida 3 aprel kuni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat vakolatli vakillari savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida umumiy qiymati 3,5 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 16 ta ikki tomonlama bitim, shartnoma va boshqa hujjatlarni imzoladi. 

Tashrifning asosiy voqealari 5 aprelga belgilangan.

Toshkent va Moskva 16 milliard dollarlik shartnomalarni imzolaydi

Top