21:52 / 30.04.2017
13919

Tsukerberg kutilmaganda ohayolik oddiy oila davrasida mehmon bo‘ldi

Foto: Facebook.com/MARK ZUCKERBERG

Nyuton Fols shahrida yashovchi Deniyel Mur va uning turmush o‘rtog‘i Liza milliarder Mark Tsukerberg ularning uyiga mehmonga kelishidan 15 daqiqa oldin xabar topishdi. BBC shu haqida hikoya qildi.

Facebook asoschisi xodimlariga respublikachilar foydasiga o‘z fikrini o‘zgartirgan amerikaliklar bilan yaqindan tanishish istagida ekanini aytdi. Shundan so‘ng Tsukerbergning ishchilari Murlar oilasini topishdi. Deniyel Mur ikki marta Barak Obamaga ovoz bergan, biroq so‘nggi saylovlarda Donald Trampni faol qo‘llab-quvvatlagan.

Tsukerberg ohayolik oilaga kelishidan avval ularga kechki ovqatga "90 foiz amerikalikni "o‘z mahsuloti bilan ta'minlovchi" kaliforniyalik juda badavlat filantrop kelishi" haqida xabar berishdi. 

Kechki ovqat mahali nafaqat siyosat, balki xayriya mavzusidagi suhbat ham qizidi. Murlar oilasi Ugandadagi bolalar uyiga yordam berib keladi. Tsukerberg ularga mablag‘ to‘plashga yordam berishni taklif qildi. 

Ushbu tashrifdan keyin Tsukerberg o‘zining Facebook tarmog‘idagi sahifasiga quyidagicha yozdi: "Hozirgina Ohayodan qaytdim. Den va Liza Murlarga iliq qabul va ajoyib kechki ovqat uchun rahmat!" Uy egasi bunga javoban milliarderga javob yozdi: "Tashrif uchun katta rahmat, Mark. Sen ajoyib insonsan".

Tsukerberg shuningdek Ohayoda davolash kurslarini o‘tayotgan giyohvand moddalarga tobe' kishilar bilan ham ko‘rishdi. Shundan so‘ng u mahalliy o‘t o‘chiruvchilar bilan tushlik qilish uchun Indianaga yo‘l oldi. 

Facebook asoschisi bundan avval 50 shtatning barchasi bo‘ylab sayohat qilish niyati haqida gapirgan edi. Shundan keyin ba'zilarda Tsukerberg siyosat bilan shug‘ullanmoqchi, degan taxminlar paydo bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top