21:05 / 14.05.2017
15504

Belarus prezidenti Pekindagi forumga 12 yoshli o‘g‘lini olib bordi

Foto: REUTERS / Wu Hong/Pool

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Pekinda 14 may kun boshlangan "Bir makon, bir yo‘l" forumi o‘tkazilishi munosabati bilan tantanali qabulga o‘g‘li Nikolay Lukashenko bilan birga keldi. Ushbu forumda 40 ga yaqin davlat prezidentlari va bosh vazirlari ishtirok etmoqda. 

Lukashenko kechki payt kechki tanovul va konsert o‘tishi kerak bo‘lgan Pekindagi Xalq majlislar uyiga o‘g‘li hamrohligida keldi. Kolya bunday marosimlarga xos tarzda jiddiy ko‘rinishda – kulrang kostyum va oq ko‘ylakda bo‘lgan. 12 yoshli Kolyaning qo‘lida kichkina yashil quticha bor edi.

Belarus prezidenti va uning o‘g‘li Xitoy raisi Si Tszinpin va uning rafiqasi Pen Liyuan bilan birgalikda suratga tushgandan keyin, avval ham Kolya bilan uchrashgan Tszinpin qo‘li bilan bola ancha ulg‘ayib qolganini anglatuvchi imo-ishora qildi. Kolya qo‘lidagi quticha ichidan shkatulka olib, uni Xitoyning birinchi xonimiga sovg‘a qildi. Tszinpin rafiqasi minnatdorchilik sifatida Kolyaning ikki yuzidan o‘pib qo‘ydi.

Kolya Xitoyga birinchi marta kelishi emas. U 2015 yil sentabrda otasi bilan birga Pekinga Xitoy xalqining Yaponiya bilan urushdagi g‘alabasining 70 yilligiga bag‘ishlangan paradga kelgan. O‘shanda Kolya xitoylik internet foydalanuvchilarning yuraklarini zabt etgandi. Ular Kolyani "mallasoch shahzoda" deb atashgandi.

Belarus prezidenti o‘g‘lini tez-tez o‘zi bilan safarlarga olib ketadi. Avvalroq Kolya otasi bilan birga Qohiraga tashrif buyurgan. U yerda Kolya uchun Giza ehromlariga ekskursiya uyushtirilgan. Bundan tashqari, Kolya 2015 yil sentabrda otasi bilan BMTga delegat sifatida borgan. Kolya joriy aprelda otasining Qirg‘izistonga safarida ham unga hamrohlik qilgan.  

Mavzu
«Bir makon, bir yo‘l» forumi
14-15 may kunlari Pekin shahrida «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. Unda 28 davlat rahbarlari ishtirok etmoqda.
Barchasi
Top