11:38 / 15.06.2017
210820

Biz hech qachon qaytib ko‘rmaydigan 10 buyuk kashfiyot

Sayyoramizda ixtirochilar va kashfiyotchilar hamma asrda ham bo‘lgan. Huv necha ming yillar avval kimdir olovdan qanday foydalanishni tushunib yetganidan boshlab kashfiyotlar hayotimizni jo‘nroq va qulayroq qilishga xizmat qilib kelmoqda. Masalan, inson Yer kurrasining istalgan nuqtasiga o‘zi bilan olib borishi mumkin bo‘lgan o‘sha telefonni oling. Lekin butun olamni ostin-ustun qilib yuboruvchi barcha ixtirolar ham ommaga oshkor etilmagan. Hi-news.ru biz ehtimol hech qachon qaytib ko‘rmaydigan, hayotimizni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan o‘n ixtironi sanab chiqdi.

Yomg‘ir chaqiruvchi qurilma

Istalgan paytda buyruq berib, yomg‘ir chaqirish imkoniyati naqadar zo‘r, to‘g‘rimi? Men shtatida chernika hosiliga tahdid solgan qurg‘oqchilikni oldindan ko‘ra bilgan olim Vilgelm Reyx Cloudbuster deb atalgan ixtirosini taqdim etgan. Uni bemalol «yomg‘ir chaqiruvchi» qurilma, deb tarjima qilish mumkin. 

Bu mashinaning ish uslubini ilk marta yoritgan Bangor Daily News nashrining xabariga ko‘ra, uni ishga tushirish oldidan ob-havo ma'lumotida yomg‘irdan darak bo‘lmagan. Reyz mashinani ishga tushirganidan bir necha soat o‘tib, osmonni qalin bulutlar qoplagan va 0,64 millimetr yomg‘ir yog‘gan.

Reyxning texnologiyasi hukumatning ba'zi bir tashkilotlariga tahdid tug‘dirgandirki, shu sababli uning ishlariga yakun yasalgan, mashinasi tortib olingan. Mashinaning ikkinchi sinovi o‘tkazilmasdan qolgan. Lekin «yomg‘ir chaqiruvchi» uskuna oxirigacha ishlab chiqilganida, dunyo bo‘ylab mahsulot yetishmovchiligi kuzatilmasmidi...

Xonaki yadro energiyasi

Yadro energiyasi butun dunyo bo‘ylab uzoq vaqt uy xo‘jaligi uchun zarur katta hajmdagi energiya ishlab chiqaruvchi usul sifatida tanishtirib kelingan. Yadro energiyasidan oz-ozdan foydalanish uslubini qo‘llab, butun bir mahallalar uzoq vaqt undan tuganmas energiya manbai sifatida foydalanishlari mumkin edi.

Bu texnologiya ishlab chiqarishning bozor fazasiga olib chiqilgach, investorlar kutilmaganda unga qiziqmay qo‘yishgan, uning chizmalari esa allaqaysi ofisdagi shkaflarda yo‘qolib ketgan. Bunday qurilma uchun shahar markazida qurilgan kichikroq omborxona boshpana bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi.

U butun bir tumanning energetik markazi bo‘lishi, bir necha kvartallarni bir vaqtning o‘zida energiya bilan ta'minlashi mumkin edi. Bunday qurilma insonlarga tuganmas elektr energiyasi taqdim etib, bu borada katta iqtisod qilishlari uchun zamin yaratardi.

Slootning raqamli kodi

Bu ixtiro haqiqatdan ham 1999 yildan beri «bedarak yo‘qolgan» hisoblanadi. Zamonaviy texnologiya yutuqlari sharofati bilan kodlashtirishning bu usuli zamonaviy kompyuterlar va mobil qurilmalarning fazoviy va to‘plovchi xususiyatlarini ostin-ustun qilib yuborgan bo‘lardi.

Niderlandiyalik ixtirochini Romke Yana Benhard Sloot deb atashardi. Uning texnologiyasi yordamida ma'lumotlarni yanada zichlashtirish mumkin edi. Uning ixtirosi testdan o‘tkazilgani tasvirlangan illyustratsiyaga ko‘ra, to‘laqonli bir badiiy film bor-yo‘g‘i 8 kilobayt o‘lchamga ega bo‘lgan.

Shifrlash jarayoni algoritmining o‘zi 370 megabaytga teng bo‘lgan. Sloot o‘z loyihasining muvaffaqiyatini namoyish etish asnosida 64 kilobaytlik chipdan 16 ta to‘liq metrajli filmni qo‘yib bergan. Xaridorlar va investorlar uning ixtirosini qo‘lga kiritish uchun navbat hosil qilib turgan bir paytda, kodni topshirish marosimidan bir necha kun avval Sloot shubhali holatda o‘lim topadi.

To‘liq elektr avtomobil (gibrid emas)

1990-yillar so‘ngida General Motors to‘liq elektr avtomobilni bozorga taqdim etgan. Hozir gibrid avtomobillarning ming xil turi ishlab chiqarilayotgan bir paytda bu narsa oddiydek tuyulsa-da, bu transport shu turdagilari ichra birinchisi bo‘lgan.

Ayni paytdagi, gazli dvigatellarning elektrligi bilan birlashtirishning nisbatan liberalcha yondashuvlarida ham umuman benzin talab etmaydigan ommabop avtomobil yaratilganicha yo‘q. GM EV1 ham muvaffaqiyatli loyiha bo‘lishga intilmagan; GM boshlamasiga 800ta shunday mashina yasagan.

Biroq, o‘sha vaqtlarning xabarlariga ko‘ra, GM batareya energiyasidan xaridorlar norozi bo‘ladi deya, bu mashinalarni ishlab chiqarishdan olib tashlab, bor e'tiborini mukammal benzinli avtomobillarga qaratgan. Ba'zi bir fikrlarga ko‘ra, GM ko‘plab elektr avtomobil ishlab chiqarib sotishni rejalashtirgan, biroq neft kompaniyalarining bosimiga duchor bo‘lgan.

Yurak-qontomir kasalliklarini davolash

Yurak-qontomir kasalliklari dunyo bo‘ylab ayollar (erkaklarning ham, albatta) o‘limiga eng katta sabab ekan, kuni kelib samarali davolash vositasi topilishini o‘ylashning o‘zi vahimali. Bu taqiqqa uchragan ixtirolardan biri hisoblanadi, chunki o‘sha vaqtning joriy davolash usullariga mutlaqo zid edi.

Amerika meditsina assotsiatsiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, bu ixtiro nafaqat joriy davolash usulini, bu usulni qo‘llayotgan vrachlarni ham obro‘sizlantiradi. Ularning bayonoti «insonning yurak-qontomir kasalliklari yagona nazariyasi» usuli bilan shifo topgan insonlar haqidagi faktni ochiqdan-ochiq inkor etadi. Boz ustiga, yurak yetishmovchiligi dardiga mubtalo bo‘lgan ayrim bemorlar bu usuldan keyin ahvollari og‘irlashganini ham bayon etishgan.

Nashadan bioyonilg‘i

Marixuana bilan adashtirib yuborishadigan nasha doim bu o‘simlikning asl ustunliklarini ko‘ra bilmaganlar orasida salbiy tomondan tanilgan. Undan ulkan miqdorda etanol olingan. Biroq nashani marixuananing o‘zginasi deb hisoblashlari bois, etanol makkajo‘xoridan olina boshlangan. Biroq nasha etanoli ishlab chiqaruvchi zavod makkajo‘xorinikidan karrasiga samarali bo‘lishi mumkin, boz ustiga, uning atrof-muhit uchun zarari kamroq bo‘ladi.

Ogl karbyuratori

To‘ldirilgan bak bilan imkon qadar ko‘proq kilometr bosishni kim istamaydi, deysiz! Zamonaviy gibrid avtomobillarda hozir ushbu usuldan foydalanilmoqda. Afsuski, hattoki ular ham mexanik Tom Oglning hujjatlashtirilgan ixtirosi oldida ip esholmay qoladi. 

1970-yillarda bu ixtirochi biz haligacha muqobilini uchratmagan karbyuratorni ixtiro qiladi. Xuddi bugungidek, gaz va neft kompaniyalari o‘shanda ham bozorda monopoliya o‘rnatib olishgan edi. Garchi Ogl karbyuratori 1 litr benzinda 48 kilometr yo‘l bosish mukinligini ko‘rsatib bergan bo‘lsa-da, u yaratgan qurilma tijoriy miqyosda ishlab chiqarilmagan.

Inqilobiy tarkibiy qism benzinni bosim ostida bug‘ga aralashtirib, ichki yonuv kamerasiga purkash hisobiga ishlardi. Lisenziyalashtirish bilan bog‘liq muammolar ixtironing g‘ildiragiga cho‘p tiqdi va karbyurator hech qachon ommaviy ishlab chiqarishga tatbiq etilmadi, Oglning o‘zi esa qurilmasi haqidagi ma'lumotlarni o‘zi bilan qabriga olib ketdi.

Rayf qurilmasi

1934 yili Royal Rayf saraton kasalligiga qarshi kurashuvchi mashina yaratadi. O‘sha vaqtlarda saraton virusga turdosh kasallik hisoblanardi. Shu sababli Rayf ma'lum bir zararlangan hujayralarga hujum qilib, uni yo‘qotuvchi lazer nuri yaratadi.

Uydirmaga o‘xshab ko‘rinayaptimi?

Bu davolash usuli bilan saratonning terminal bosqichida bo‘lgan 14 nafar bemor davolangani hujjatlashtirilgan. Biroq, Rayf Amerika meditsina assotsiatsiyasi bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgach, tashkilot uning yondashuvni obro‘sizlantirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi. 

Endi esa AMA davolashning bu usuliga qarshi bevosita kurashganini isbotlovchi birorta dalil qolmagan. Rayf AMAni boshqa tibbiyot tashkilotlari bilan til biriktirganlikda ayblagan. Biroq, uning davolash usuli to‘liq samarali bo‘lganini ham tasdiqlovchi birorta dalil bizgacha yetib kelmagan.

Suvda yuruvchi transport

Naqadar hayratlanarli ko‘rinmasin, suvda harakat qiluvchi bu transportning ishlab turgan o‘nlab nusxasi mavjud. Qaysi bir avtoishlab chiqaruvchi bu bilan albatta, hech qachon jiddiy qiziqmaydi.

Bunday turdagi eng mashhur avtomobillardan biri Sten Meyyer tomonidan yaratilgan baggi tipidagi mashinadir. Bu ixtiro 1 litr suvda 43 kilometr yo‘l bosishi mumkin bo‘lgan. Meyyerga yaqin hamkasblarining aytishicha, unga patentni sotishi va bu boradagi tadqiqotlariga nuqta qo‘yishi uchun juda katta bosim uyushtirishgan.

Biroq u rad javobini bergan. Garchi keyinchalik do‘stlari va hamkasblari uning yirik neft kompaniyalari taklifiga ko‘nmagani uchun zaharlashganini aytishsa-da, Meyyer kutilmaganda miya anevrizmasi tufayli hayotdan ko‘z yumgani ma'lum.

Tekin energiya (Nikola Tesla)

Nikola Tesla jahondagi eng mashhur ixtirochilardan biri bo‘lgan. Garchi uning idroki bilan yaratilgan biror narsa inqilobiy o‘zgarishlar olib kelmagan bo‘lsa-da, tekin elektr energiyasi bir necha bor fitna nazariyasiga qiziquvchilarning bosh mavzusiga aylangan. Elektr energiyasini simsiz uzatishning muvaffaqiyatli (va hujjatlashtirilgan) sinovidan so‘ng Tesla bu hodisani kuchaytirib, bitta minora bilan ulkan hududlarni energiya bilan ta'minlash ustida ish olib borayotganiga shama qiladi. 

O‘sha paytlar ko‘pchilik Tesla buning uddasidan chiqishiga ishonardi. Biroq, loyihani moliyalashtirish biror natijaga olib kelmaydi, Teslaning laboratoriyasi esa chizmalariyu rejalari bilan sirli ravishda kuyib kul bo‘ladi. Bu hodisa bostirilgan va bo‘g‘ilgan ixtirolar ichida eng sirlisi va yaxshilab hujjatlashtirilgani sanaladi. 

Yuqoridagi ixtirolarning har birini yaqin kelajakda qayta ko‘rishimiz dushvor, fitna nazariyasi ishqibozlari esa bu mavzularga hali bot-bot murojaat qilib turishadi.

 

Mavzuga oid
Top