00:29 / 16.06.2017
5786

Manxettenda haydovchi odamlarni bosib ketishi oqibatida 10 kishi jarohat oldi

Foto: Twitter.com/@Breaking911

Nyu-Yorkda piyodalar haydovchi tomondan avtomobilda bosib ketilishi oqibatida 10 kishi jarohat oldi. Bu haqda New York Daily News nashri saytida ma'lum qilindi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi Manxettendagi 37-Uest-strit ko‘chasi va 9-avenyu kesishgan joyda sodir bo‘ldi.

Jarohatlanganlardan biri shifoxonaga yetkazildi, qolganlarga esa voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Politsiya bo‘lib o‘tgan voqea va jabrlanganlar soni haqidagi ma'lumotni tasdiqladi. Guvohlarning aytishicha, avariya haydovchi svetoforning sariq chirog‘ida chorrahadan o‘tib ketmoqchi bo‘lganligi oqibatida yuz bergan bo‘lishi mumkin. "Fikrimcha, haydovchi sariq chiroqni ko‘rib tezlikni oshirishga qaror qilgan. Uning mashinasi taksi bilan to‘qnashgandan keyin yo‘nalishini o‘zgartirib, piyodalar yo‘lkasiga chiqib ketgan", deb aytgan yaqin oradagi kafe egasi Jonni Jordani.

Yana bir kafe xodimi Jamol Dayfallaning ma'lum qilishicha, mashina piyodalar yo‘lkasiga chiqib ketib, panjara va daraxtga urilgan, so‘ngra esa tezligi pasayib, ayolni urib yuborgan. 

Shunga o‘xshash voqea Nyu-Yorkda may oyi o‘rtalarida sodir bo‘lgandi. O‘shanda haydovchi o‘z avtomobilida Tayms-skver maydonida piyodalarni bosib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgandi, 20 kishi jarohat olgandi. Voqea terrorchilik bilan bog‘lanmagani qayd qilingan. YTH sababchisi 26 yoshli yigit bo‘lib chiqqan. U YTHni sodir etish vaqtida sintetik marixuana ta'siri ostida bo‘lgan. 

Top