14:15 / 17.06.2017
17259

Firibgarlik bilan shug‘ullangan ichki ishlar organlari sobiq xodimi ushlandi

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanilik Sharafiddin Usmanov ko‘p yillar ichki ishlar organlarida xizmat qildi. Kasbi ortidan ro‘zg‘or tebratdi, birovdan kam bo‘lmadi. Taassufki, bularning barini nafaqaga chiqiboq unutdi. Davlat uning xizmatlarini qadrlab, yaxshigina nafaqa belgilagan bo‘lsa-da, bunga aslo qanoat qilmadi. Jinoyat uchun jazo muqarrarligini yaxshi bila turib firibgarlikni kasbga aylantirdi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Sh.Usmanov dastlab jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sergeli tuman sudi tomonidan firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun ikki marta jazoga tortildi. So‘ngra, oradan bir yil o‘tgach, yana qayta jinoyatga qo‘l urdi. Har uchala holatda ham unga nisbatan amnistiya akti qo‘llanilib, jazodan ozod etildi. Sh.Usmanov firibgarlikda o‘zidan ham o‘tadigan jinoiy sheriklari – B.Usmanov va D.Ahmedov bilan o‘zaro til biriktirdi.

Hamtovoqlar Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yashovchi Davron Davurboyevning o‘g‘li huquq-tartibot idoralariga ishga kirmoqchi bo‘lganidan xabar topishgach, u bilan uchrashishdi. Sh.Usmanov uchrashuv chog‘ida “men ichki ishlar organidan nafaqaga chiqqanman, tanishlarim ko‘p, xohlasangiz o‘g‘lingizni ishga joylab qo‘yaman” degancha va'dani quyuq qildi.

Uchovlon Davron Davurboyevni avrab, avval 1 million 300 ming so‘m, keyinroq esa 2200 AQSh dollari miqdoridagi pulni olib, o‘z manfaatlari uchun sarflab yuborishdi.

Firibgarlarning navbatdagi “o‘lja”si yana Sharof Rashidov tumanilik G‘ofur Umirzoqov bo‘ldi. Qizi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirmoqchiligini eshitgan hamtovoqlar unga Toshkentda yaqin tanishlari borligi, abituriyent nomigagina test sinovlariga kirib chiqsa bas, qolganini o‘zlari hal qilishlarini, bu “xolis xizmat” 7 ming AQSh dollariga tushishini aytishadi.

Farzandi uchun har narsaga tayyor turgan sodda ota uyidagi bor-budini sotib, yetmaganiga qarindoshlaridan qarz olib, 5 ming AQSh dollarini olib kelib beradi. Firibgarlar bu pullarni ham shaxsiy manfaati uchun ishlatib yuboradi.

Kunlarning birida Sh.Usmanov boshchiligidagi nafsi hakalak otgan firibgarlar Jizzax shahridagi kafega kirib, ulfatchilik qilishdi.

-  Ishimizning ketishi yomon emas, ammo mijozlar kamayib boryapti, - dedi Sh.Usmanov sheriklariga.

-  Harakat qilyapmiz, aka, - dedi bunga javoban D.Ahmedov.

Shu payt kafega kirib kelayotgan fuqaro Fayzulla Boynazarovni ko‘rgan Sh.Usmanovning birdaniga yuzi yorishdi.

-  Ana, mijozning o‘zi bizni yo‘qlab kelyapti!

Davraga kelib qo‘shilgan Fayzulla Boynazarov salom-alikdan so‘ng mehmondorchilikni o‘z zimmasiga oldi va suhbat orasida dedi:

-  Sizlarday akalarim bo‘la turib bir muammoni hal qilolmay yuribman.

-  Qanday muammo, nima qilish kerak? – so‘radi Sh.Usmanov.

-  Avtomashinamni davlat ro‘yxatidan o‘tkaza olmayapman...

-  Odamiga aytdingiz. Akangizning ichki ishlar idoralarida ishlaganini eshitmagansiz, shekilli. U kishining bu sohada qila olmaydigan ishi yo‘q. Bir og‘iz so‘zi har qanday masalaga yechim topadi, - deydi A.Ahmedov.

Qisqasi, Sh.Usmanov IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasida tanishlari ko‘pligini, ular avtomashinani rasmiylashtirishga yordam berishini aytib, buning uchun fuqaro Fayzulla Boynazarovdan 500 AQSh dollarini oladi.

Bundan tashqari, firibgarlar birovni mansab kursisiga o‘tkazish, boshqasini o‘qishga kiritish va yana birovni ishga joylashtirish uchun pullarini olib, so‘ng qochib yurishadi. Ammo ko‘za kunda emas, kunida sinishi bor haqiqat. Ular navbatdagi jinoyatni sodir etishayotganda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi va qonun oldida javobgarlikka tortildi. 

Mavzuga oid
Top