13:29 / 17.06.2017
25477

Fransiyalik olim XXI asrning super quroli nima bo‘lishini aytdi

XXI asrning yangi super quroliga atom yoki termoyadro bombalari emas, balki o‘zi mustaqil izlanishi mumkin bo‘lgan sun'iy idrok tizimlari aylanadi. Ular bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari tomonidan ishlab chiqilmoqda. Bu haqda fransiyalik futurolog olim Jan-Kristof Boni "Kasperskiy laboratoriyasi" matbuot anjumanida ma'lum qildi.

"1995 yilda Nelson Mandela XXI asrning eng asosiy quroli ta'lim bo‘lishi haqida yozgandi. U XX asrdagi ommaviy qirg‘in qurollari va yadro qurolining o‘rnini egallaydi. Aslida, mening fikrimcha, bu sun'iy idrok tizimlari bo‘ladi – atom bombasidan farqli ravishda, ularning ishi uchun uran ham, zavodlar ham, boshqa murakkab narsalar ham kerak emas. Faqatgina kremniy va elektr quvvati bo‘lsa yetarli", - deya ma'lum qildi fransiyalik tadqiqotchi.

Olimning ta'kidlashicha, sun'iy idrok tizimining yaratilishi yoki ishlab chiqilishini aniqlash qiyin. Shu bilan birga, MAGATE va boshqa yadro tashkilotlari uran, plutoniy hamda boshqa radionuklidlarni Shimoliy Koreya yoki Erondagi maxfiy obektlardan qidirib topish harakatida yuribdi. Shuning uchun bunday “super qurol”ning qachon va qayerda paydo bo‘lishini aniq aytish deyarli imkonsiz.

"Fransiya, Isroil hamda boshqa ko‘plab davlatlar siyosatchilari va kuch tuzilmalari vakillari kiberurush olib borish uchun bunday tizimlarni yaratishayotganini rad etishmoqda. Bu qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishini tekshira olmaymiz. Biroq, mening fikrimcha, bu borada ishlanmalar olib borilmoqda, hamda bu – ko‘plab yetakchi davlatlar uchun eng asosiy strategik vazifadir", - degan olim.

Mavzuga oid
Top