18:52 / 23.06.2017
9486

Xitoy hukumati ikki rossiyalikka 101 mln dollarlik jarima soldi

Shanxay sudi ikki rossiyalikka tegishli Yishidun International Trading kompaniyasiga nisbatan jazo hukmi chiqarib, ular zimmasiga 101 mln dollar to‘lovni yukladi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda

Ma'lum qilinishicha, bu hukm Xitoy uchun yuqori chastotali treyding bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaga chiqarilgan ilk hukm bo‘ldi.

Shanxay sudi Yishidun 2015 yilda China Financial Futures Exchange birjasi axborot tizimiga noqonuniy ulanib, axborotni tezroq olishda ustunlikka ega bo‘lish hisobiga 389 mln yuan miqdorida foyda ko‘rganlikda aybdor deb topdi. 

Kompaniya Xitoy fyuchers shartnomalari bozorida firib ishlatganlik uchun 300 mln yuan (44 mln dollar) jarimaga tortildi va noqonuniy olgan daromadni qaytarib berish majburiyati qo‘yildi. 

Kompaniya rahbarlaridan biri Gao Yan uch yillik shartli qamoq jazosi oldi va 1 mln yuanga jarimaga tortildi. Yana bir direktor Lyan Tszechjun 2,5 yillik shartli qamoq jazosi va 800 ming yuanlik jarimaga tortildi. Bundan tashqari, China Fortune Futures birjasi brokeri ham jazolandi. U 5 yillik qamoq jazosi oldi va 600 ming yuanlik jarimaga tortildi.

Xitoy hukumati yuqori chastotali treydingni 2015 yilda fyuchers bozorining qulashi sabablaridan biri deb hisoblab keladi. O‘shanda bu bozorning kapitallashuvi 5 trln dollarga tushib ketgan. 

Financial Times nashri 2015 yilda Yishidun kompaniyasi 2012 yilda Gonkongda Georgiy Zarya va Anton Murashov tomonidan ta'sis etilganini ma'lum qilgandi.

Top