08:32 / 27.06.2017
14455

Pekinning AQShning Afg‘oniston bo‘yicha strategiyasidan "boshi qotmoqda"

© Flickr / The U.S. Army

Xitoy afg‘on muammosini hal qilishdagi roli faollashgani ortida AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi lavozimini tugatish qaroridan taajjublanmoqda. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston ishlari bo‘yicha maxsus elchisi Den Sitszyun aytib o‘tdi.

Avvalroq Washington Post nashri AQSh davlat departamenti AQSh Afg‘onistonga yangi qo‘shinlarni yuborishga tayyorlanayotgan vaqtda Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili lavozimini tugatishga qaror qilganini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, maxsus vakil vazifalarini bajaruvchi Lorel Miller bu lavozimni 23 iyunda tark etishi kerak edi.

"Men bu xabarni Islomobodda bo‘lganimda va vazir Van Iga safarida hamrohlik qilayotganimda o‘qidim. Xabarda AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili idorasi yopilgani va Miller xonim o‘z lavozimini tark etgani aytilgandi. Men rostini aytsam, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha keyingi siyosati qanday bo‘lishini bilmayman. Menga bu qarorga Afg‘oniston hukumati qanday munosabat bildirishini bilish juda qiziqdir, chunki AQSh afg‘on masalasini hal qilishda muhim rol o‘ynaydi. Idora yopilgandan keyin endi nima bo‘ladi? Bu AQShning siyosatidagi katta o‘zgarishlardan darak beradimi?", deb aytdi Den Sitszyun Van Ining Pokiston va Afg‘onistonga safari natijalariga bag‘ishlangan matbuot-anjumanda. 

Uning aytishicha, bu lavozim tinchlik muzokaralarini ilgari surish uchun zarur edi. "Rostini aytsam, endi AQSh muzokaralarni ilgari surish o‘rniga masalaning harbiy tomoniga ko‘proq e'tibor qaratishi-qaratmasligi menga qorong‘u. Vaholanki, Miller xonim menga Pekinda AQShning yangi ma'muriyati hamon siyosiy tartibga solishga  Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishning yagona chorasi sifatida qarashini aytgandi", deb aytdi Den Sitszyun.

Xitoy, Pokiston va Afg‘oniston Xitoy tashqi ishlar vazirining Afg‘oniston va Pokistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotni chop etdi. Unda aytilishicha, Afg‘oniston va Pokiston inqirozlarni boshqarish mexanizmini yaratishga, Xitoy esa ularga bunda ko‘mak ko‘rsatishiga kelishib olingan. Bundan tashqari, uch davlat o‘zaro manfaatli savollar bo‘yicha hamkorlik qilish uchun tashqi ishlar vazirlari darajasida uch tomonlama muloqot mexanizmini yaratishga kelishib olishgan.  

Mavzuga oid
Top