23:57 / 29.06.2017
11576

Isroillik sayyohning O‘zbekiston haqidagi taassurotlari

O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi xalqaro hamjamiyat, jumladan dunyoning turli mamlakatlari sayyohlarining e'tiborini tobora jalb qilib kelmoqda. So‘nggi yillarda xorijlik sayyohlarning O‘zbekiston haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishishi o‘ziga xos an'anaga aylanmoqda. 

Yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan isroillik sayyoh  «The Jewish Chronicle» nashrida yurtimizning qadimiy shaharlariga doir taassurotlari bilan bo‘lishdi. Xususan, maqolada ta'kidlanishicha, ajoyib arxitektura, betakror hunarmandchilik turlari, dunyodagi eng chiroyli metro stansiyalari va yana ko‘p jihatlar yozuvchini befarq qoldirmagan. 

"Sir-asror va sehrga to‘la afsonaviy Samarqand shahri meni o‘ziga maftun qildi. Shaharning eng mashhur maydoni tovlanuvchi gumbazlar va feruzarang minoralari bilan ko‘kish yoqut nurlarida cho‘miladi.

Sayyohlar bir necha asrlar davomida Ipak yo‘li romantikasiga oshufta bo‘lib kelishgan, ziravorlar va xazina boyliklarini Sharqdan G‘arbga tashiyotgan karvonlardan ilhom olishgan. Iskandar Zulqarnayn, Chingizxon va Marko Polo kabi ulug‘ tarixiy shaxslar nomi ushbu ajoyib o‘lka bilan bog‘liq. Endi esa yangi avlod sarguzashtsevarlari o‘z shaxsiy ixtirolarini amalga oshirish istagida bu maskanga shoshilishadi. 

Bugun, takomillashtirilgan infratuzilma tufayli YuNeSKO merosiga kiruvchi arxitektura mo‘'jizalarini tomosha qilish ancha oson bo‘lib qoldi. Yetakchi turagentliklaridan birida Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi bo‘ylab turistik sayohatlarni band qilish ko‘rsatkichlari shu yilning o‘zida 150 foizga oshdi. 

Sovet Ittifoqi tarqalganidan so‘ng 1991 yilda mustaqil davlat deya e'lon qilingan O‘zbekiston tarixi bugunga qadar ko‘p asrli an'analarini saqlab kelmoqda. Toshkent shahri markazidagi maydonlardan birida rang-barang liboslardagi raqqosalar childirma sadolari ostida raqs tushishadi. Bu o‘zida boy meros hamda zamonaviy tendensiyalarni uyg‘unlashtirgan mamlakatni boshqalardan ajratib turuvchi jihatdir. 

Sayohatlarning aksariyati 1966 yilgi kuchli zilziladan keyin katta qismi vayron bo‘lgan poytaxtga tashrif bilan boshlanadi. Bugun bu kontrastlar shahri - bu yerda zamonaviy binolar XVIII asr arxitekturasi va maydonlari bilan yonma-yondir.

Shahar «O‘zbekiston» mehmonxonasidan tashqari yer ostida ham sovet me'morchiligining asl durdonalarini saqlab keladi. Shahardagi 1970-yillarda qurilgan va dunyodagi eng ko‘rkam hisoblanuvchi metro tizimi meni hayratga soldi. Naqshlar va qandillar bilan bezatilgan metro bekatlari bir-biridan keskin farq qiladi, ularni bizning metro bilan taqqoslaganda bizning bekatlarimiz ancha didsiz va ko‘rimsizdir. 

Toshkentdan mintaqaning namunaviy obidalari joylashgan Samarqand shahrigacha atigi ikki soatda tezkor va zamonaviy «Afrosiyob» poyezdlarida yetib olish mumkin. Qadimiy shaharning yuragida, Registon maydonida betakror feruzarang gumbaz va minoralarni o‘zida jamlagan uch ajoyib madrasa qad ko‘targan, bu madrasalar o‘z vaqtida diniy ta'lim dargohlari bo‘lgan. 

Bu yerda men shuningdek O‘zbekiston tarixidagi eng buyuk sohibqiron - Amir Temurning nevarasi Ulug‘bek rasadxonasida ham bo‘ldim. Astronom, olim va me'mor hisoblangan Ulug‘bek yaxshi rekonstruksiya qilingan Go‘ri Amir maqbarasida bobosining yoniga dafn etilgan.

Mashhur Samarqand bozorlarini ko‘zdan kechirgach, men yahudiylar dahasiga, ya'ni u yerda aytilishicha, 1893 yilda yaratilgan mahallalarga qarab yo‘l oldim.

Buyuk Ipak yo‘lidan G‘arb tomon sayohat qilar ekansiz, Buxoroda paydo bo‘lasiz. Buxoro - dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri, bu yerdagi Minorai Kalon 1127 yilda qurilgan. Ushbu inshoot Markaziy Osiyodagi eng baland obidalardan biri hisoblanadi - 47 metr.

Buxoroning ikki yopiq bozori o‘rtasida, sobiq ziravorlar bozori o‘rnida O‘rta Osiyodagi eng qadimiy masjid Mag‘oki-Attor joylashgan bo‘lib, u bizning kunlarga qadar saqlanib qolgan.

XX asrdagi ommaviy emigratsiyaga qadar shahar dunyodagi eng ajralib qolgan jamiyatlardan biri - yahudiy xalqi uchun vatan bo‘lgan. Ulardan kamchilik qolgan, lekin Buxoro yahudiylari avvalgidek o‘zlarining taomlari bilan mashhur.

Bu yerda siz milliy taom hisoblangan palovning baliq go‘shtidan tayyorlangan turini tatib ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan boshqa mintaqalardan farqli o‘laroq, O‘zbekistondagi ko‘p restoranlarda dudlangan forel va boshqa baliq turlarini topish mumkin.

G‘arbga tomon sayohatda davom etar ekansiz, devor bilan o‘ralgan, muzey-shahar - Xivani ko‘rasiz. Bu yerda sizga vaqt to‘xtab qolgandek tuyuladi. VI asrdan boshlab bugungi kungacha Ipak yo‘lining bu savdo shahri mamlakatning gilamchilik sanoatining an'anaviy markazi hisoblanadi. 

Mamlakat sharqida esa o‘rmonlar va irmoqlar, shuningdek yong‘oq va o‘rik bog‘larini o‘zida mujassam qilgan o‘zbek "Shveytsariya"si - Chimyon tog‘lari joylashgan, bu yerda tunni ochiq osmon ostida an'anaviy o‘tovda o‘tkazishingiz mumkin. 

Palovning betakror mazasidan bahra olib va rang-barang milliy matolarini xarid qilib, Toshkentga qaytishga tayyor edim. Shu vaqt esa uzoqlardan childirma ovozi - mening Ipak yo‘lidagi sarguzashtlarim musiqasi eshitilardi.

Top