02:12 / 29.06.2017
31516

Rossiyaga kirayotgan migrantlar soni bo‘yicha O‘zbekiston 5-o‘ringa tushib ketdi

2017 yilning I choragida Rossiya Federatsiyasida migratsiya o‘sish darajasi deyarli uchdan bir qismga pasaygan, deyiladi «Izvestiya» gazetasi tomonidan e'lon qilingan maqolada.

Joriy yilning birinchi choragida Rossiyaga kirayotgan migrantlarning o‘sish darajasi 2016 yilning shu davriga nisbatan 26,8 foizga pasaygan. Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Rossiya Xalq xo‘jaligi va Davlat xizmati akademiyasining (RANXiGS) ijtimoiy tahlil va prognozlash instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida ana shunday natijalar olingan. Ayrim ekspertlar tendensiya haqida so‘z ochishsa, boshqalari kelayotgan migrantlarning kamaygani diqqatga sazovorligi haqida gapirishga hozircha erta ekanligini urg‘ulashgan. Bu holda, Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan ukrainaliklarning soni sezilarli darajada (40 foizga) pasaygani e'tiborga molik. 

Rosstat ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilning yanvar–mart oylarida Rossiyaga ishlash uchun kirib kelgan mingrantlar soni 122,3 ming kishini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning I choragidagidan ko‘ra 8,1 foizga kam. Chiqib ketganlar soni esa, aksincha, 8,3 ming kishiga o‘sgan. Natijada «migratsion o‘sish», deb ataluvchi ko‘rsatkich, birinchi chorak mobaynida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,8 foizga kamaygan.

Biroq RANXiGS ekspertlari global tendensiya haqida gapirishga erta ekanligini urg‘ulashmoqda.

— Choraklar bo‘yicha ma'lumotlar yildan yilga o‘zgarib turadi. Ko‘pincha II va IV choraklardagi migratsiya o‘sish birinchi chorak ko‘rsatkichidan oshadi. 2017 yilning yanvar–mart oylaridagi migratsion o‘sish 2013 yil darajasida bo‘ldi va bu 2014–2015 yildagilardan ko‘ra ko‘proq, — deyishmoqda RANXiGS tadqiqotchilari.

Rossiya migrantlar federatsiyasi prezidenti Vadim Kojyenovning «Izvestiya»ga bildirishicha, migratsion o‘sishning pasayishi vaqtinchalik hodisadir. Umuman olganda, Rossiyadagi migrantlar sonida juz'iy o‘zgarish ro‘y bergani yo‘q.

— Natijalarni yil oxirida xulosalash kerak. Masalan, ko‘pchilik yil boshida uyiga, uzoq vaqt bayram qilgani ketgan bo‘lishi mumkin, dedi ekspert.

Biroq RANXiGSning ijtimoiy tahlil va prognozlash instituti va Oliy iqtisodiyot maktabi demografiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Nikita Mkrtchyanning qayd etishicha, bu yerda taqqoslash o‘tgan yilning I choragiga nisbatan olib borilgan. U migrantlar o‘tgan yili ham shunday bayramlarga, dam olgani ketgan bo‘lishi mumkinligi, biroq migratsion o‘sish yuqori bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan.

— Hech qanday mavsumiy omillar ta'sir qilmagan, bu aniq. Biz uzoq muddatli migratsiya haqida gaplashmoqdamiz. Bunda insonlar Rossiya aholisi sonini to‘ldirishadi. Bu yerda mavsumiylik katta rol o‘ynamaydi, — degan mutaxassis.

RANXiGSdagilarning qayd etishicha, shu yilning yanvar–mart oylarida Ukraina fuqarolari hisobidan migratsion o‘sish o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga pasaygan. Bu ham kelayotgan migrantlar umumiy oqimi «susaygani»ning muhim omilidir.

— Ukraina fuqarolarining Rossiyadagi xalqaro migratsiyadagi ulushi endilikda 2014–2016 yillardagidek unchalik katta emas, — deyishdi RANXiGSdagilar.

Nikita Mkrtchyananing fikriga ko‘ra, Ukrainalik migrantlarni bir necha turga bo‘lish mumkin. Birinchilari — Ukraina voqealarigacha yoki undan keyin ham Rossiyada uzoq vaqt ishlab kelgan va kelayotganlar. Ikkinchilari — faol jangovar harakatlar tugashini kutib, Rossiyadan vaqtinchalik boshpana topganlar. Ularning bir qismi vataniga qaytib ketgan. Bugunga kelib, kelayotganlar oqimi mo‘'tadillashgan.

— 11 iyun kuni Yevropa ittifoqi Ukraina fuqarolari uchun viza rejimini yengillashtirdi. Shu sababli bugun ukrainaliklarning ko‘pchiligi «yevropacha erkinlik» ta'mini tatib ko‘rishni istaydi. Yevropaning ayrim davlatlarida ishsizlik soni ikki xonali raqamlarda o‘lchanishini inobatga olsak, bu havas doimiy bo‘lishini kutish yaramaydi. Boz ustiga, vizasiz rejim Yevropa davlatlarida ishlash imkonini bermaydi. Ukrainaliklar Shengen zonasi davlatlariga erkin kirib chiqishlari mumkin, lekin ularning tashrifi yarim yil ichida 90 kundan oshmasligi kerak, — dey tushuntirgan «Izvestiya»ga Rossiya menejyerlar assotsiatsiyasining marketing va korporativ kommunikatsiyalar departamenti direktori Yuriy Praslov.

2014 yilgacha migrantlar o‘sishini ta'minlagan Markaziy Osiyodan kelayotgan oqim ham ekspertlarning fikriga ko‘ra birmuncha pasaygan. 2011–2013 yillarda Rossiyaning asosiy migratsion donori hisoblangan O‘zbekiston esa endilikda nafaqat Ukraina, hattoki Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondanam keyinda turibdi. 

Rosstat ma'lumotlariga ko‘ra 2016 yilda Rossiyaga 4,706 million migrant kirib kelgan, 4,444 million migrant esa uni tark etgan. Migratsion o‘sish 261 ming 948 kishini tashkil etgan.

 

Mavzuga oid
Top