22:00 / 29.06.2017
8399

Toshkent yo‘llaridagi kameralar YTHlar sonini keskin kamaytirdi

Toshkent shahri ko‘chalari va chorrahalariga o‘rnatilgan kuzatuv hamda qoidabuzarliklarni qayd etish kameralari shahardagi YTHlar soni keskin kamayishiga hissa qo‘shmoqda. Shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida shu haqda so‘z bordi. Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari YHQni buzish holatlarining oldini olish maqsadida olib borgan tadbirlar natijasida 22-29 iyun kunlarida 14 ming 652ta qoidabuzarlik qayd qilishgan. Chorrahalarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari yordamida 7 ming 468ta qoidabuzarlik aniqlangan. 

Toshkent IIBB rasmiy vakili Doniyor Toshxo‘jayevga ko‘ra, shundan 3 ming 650tasi svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida harakatlanish, 3 ming 818tasi tezlikni belgilangan me'yordan oshirishdir. 

Hisobot haftasi davomida 38ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, 1 kishi halok bo‘lgan, 44 kishi tan jarohati olgan. O‘tgan 2016 yilning shu davrida 36ta YTH sodir bo‘lgan, unda 2 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 41 kishi tan jarohati olganlar. 

Toshxo‘jayev chorrahalar va yo‘llarning turli qismlariga kameralar hamda radarlar o‘rnatilgani YTHlar soni kamayishiga naqadar yordam berayotgani borasida ham fikrlarini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yil 15 martida kuzatuv kameralari joriy etilgandan so‘ng: 

- yo‘l-transport hodisalari soni 359tani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 166taga, 

- hodisalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 41 kishini tashkil etib, 23 nafarga, 

- tan jarohati olganlar soni 408 kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 217 kishiga kamaygan.

Umuman, videokuzatuv kameralari tomonidan joriy kunga qadar, jami 153 ming 620ta qoidabuzarliklar qayd qilingan bo‘lib, shundan 71 ming 374tasi tezlikni belgilangan me'yordan oshirish holatlari, 82 ming 246tasi svetoforning taqiqlangan ishorasida harakatlanish holatlaridir. 

Mavzuga oid
Top