20:43 / 30.06.2017
5801

TDIU va Vayoming universiteti hamkorligida seminar-trening o‘tkazildi

2017 yil 20 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori  ijrosini ta'minlash, Oliy ta'lim tizimida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalarida stajirovkadan o‘tkazish va malakasini oshirish ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida joriy yilning 27-30 iyun kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiti va AQShning Vayoming universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari doirasida “Aktiv va interfaol ta'limni rivojlantirish tizimi” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Seminar-treningni Vayoming universiteti professori Janel Siley hamda universitet doktorant-tadqiqotchisi Dilnoza Xasilova olib bordi. Ushbu xalqaro universitetlararo seminar-treningda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetitining 40 nafar professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Seminarning birinchi kunida professor Janel Siley aktiv va interfaol ta'lim texnologiyalari, kurs va baholash topshiriqlarini tuzish, moslashtirilgan auditoriyalarda dars jarayonlarini tashkil etish, ya'ni ma'ruzani uy vazifa tarzida talabalarga berish va interfaol ta'limning o‘quv xonasidagi amaliy natijalari haqida kichik va yirik guruhlarda talabalarni muhokamaga qanday jalb qilish va ushbu jarayonda qanday samarali savollar tayyorlash xususida trening tashkil etildi.

Seminar-treningning navbatdagi keyingi kunlarida esa, yana bir qator muhim masalalar jumladan, aktiv taqdimot va topshiriqlar yozish, tanqidiy fikrlashni topshiriqlarda qo‘llay olish, guruhlarda talabalarning faol ishtirokini ta'minlash, talabalar bilimini baholash jarayonlarida ham turli interfaol o‘yinlarni tatbiq etish yuzasidan treninglar o‘tkazildi.

Har bir qatnashuvchi ham o‘z g‘oyalari bilan aktiv va interfaol ta'limni darsda qanday tatbiq etishlari borasida o‘zaro fikrlar almashishdi. Trening natijasida professor-o‘qituvchilar Vayoming universiteti professor-o‘qituvchilari bilan onlayn tizimda o‘zaro hamkorlik ishlarini yanada samarali tashkil etish xususida ham kelishib olindi. 

TDIU xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i N.Zufarova seminar-trening a'lo darajada o‘tkazilgani va bu jarayon muntazam  davom etishini ta'kidladi. Seminar – trening yakunida ishtirokchilar xalqaro sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i - N. Zufarova

Top