19:54 / 24.07.2017
5418

Anqara terrorizmni dastaklashda gumon qilinayotgan nemis kompaniyalari ro‘yxatini qaytarib oldi

Turkiya ilgariroq terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotgani gumon qilinayotgan tashkilotlar qora ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yilgan Germaniya kompaniyalariga nisbatan shubhasidan voz kechdi. 

Deutsche Welle’ning Spiegel asoslanib xabar berishicha, bu haqda Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon So‘ylu GFR IIV rahbari Tomas de Mezerga telefon orqali ma'lum qilgan. Bunday ro‘yxatning paydo bo‘lishini u «tushunmovchilik» deb atagan. Turk vazirining qo‘shimcha qilishicha, Germaniya firmalariga nisbatan tergov harakatlari boshlanmagan va olib borilmaydi.

«Aksilterrorchilik ro‘yxat»ni Anqara Berlinga Interpol orqali 2017 yil mayida jo‘natgan edi. Ro‘yxatga qo‘shilgan 681 kompaniya ichida BASF va Daimler kabi kompaniyalar ham bo‘lgan.

20 iyul kuni Germaniya TIV ushbu ro‘yxatning paydo bo‘lishi, shuningdek, Turkiyada germaniyalik jurnalistlar va huquq himoyachilarining hibsga olinishi ortidan Turkiyaga nisbatan munosabatlar o‘zgarishini bayon qilgan edi. Berlin Anqaraga investitsiyalar va kreditlar ajratish shartlarini qayta ko‘rib chiqishni e'lon qilib, GFR fuqarolarini esa Turkiyaga safar chog‘idagi xatarlardan ogohlantira boshladi. Tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel ham Turkiyaning Yevropa ittifoqiga a'zo bo‘lishiga tayyorgarlik ko‘rishi doirasida YeI davlatlaridan olinadigan yordam shartlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

23 iyul kuni GFRning Turkiyaga nisbatan kursi o‘zgarganini Avstriya tashqi ishlar vaziri Sebastyan Kurts ham qo‘llab-quvvatladi. Uham Yevropa ittifoqi davlatlarini Turkiya bilan munosabatlarda birdamlikka chorlagan va Turkiyaning YeIga a'zo bo‘lishi borasidagi muzokaralarni to‘xtatish yo‘lida kurashni davom ettirishini e'lon qilgan, deb yozadi DW Welt am Sonntag’ga tayanib.

Mavzuga oid
Top