15:57 / 11.08.2017
6773

Ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy obraz yaratishga doir tavsiyalar

Foto: techno

Boston universiteti professori, ijtimoiy tarmoqlarda ishlash va muloqot qilish bo‘yicha katob hamda ma'ruzalar muallifi Erik Kualman "Xavfsiz tarmoq. Ijtimoiy media va oshkoralik davrida qadr-qimmatni saqlab qolish qoidalari" kitobida internetda nima qilish mumkin va mumkin emasligi hamda bu sizning dunyo bilan aloqangizga qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida so‘z yuritadi.

1. Ota-onangiz oldida noqulaylik tug‘diruvchi postlar qo‘ymang

Agar siz o‘zingiz yoki kompaniyangiz haqida ijobiy tasavvur hosil qilmoqchi bo‘lsangiz, beandisha kontentlarni chetlab o‘ting.

"Bir qoidani yodda tuting: oflayn rejimda onangizni uyatga qo‘yuvchi post qo‘yib, uning internetda tarqalishiga yo‘l qo‘ymang".

Erik Kualman, «Xavfsiz tarmoq»

2. Maqsadli auditoriyani ko‘zlang

Ijtimoiy tarmoqda qanday auditoriya uchun postlar qo‘yishingiz borasida aniq bir to‘xtamga keling. Qanday maqsadlarni ko‘zlayapsiz - o‘ylab ko‘ring. "Kimga va nimani namoyish qilmoqchiman?" savolining javobi tarmoqdagi "faoliyat"ni soddalashtirishga yordam beradi.

Biz ko‘pincha barchaga barobar yoqishga harakat qilamiz. O‘z odamlaringizni tanlab olib, bor e'tiborni ularga qaratish - ancha oson va samarali.

Erik Kualman

3. Ig‘vo tarqatmang

Tarmoqda hamkasblar va tanish-bilishlar haqida tekshirilmagan ma'lumotlar yoki mish-mishlar tarqatmang. Ig‘vogar degan nomdan qutulish juda qiyin. Bundan tashqari, agar mish-mish tasdiqlanmasa, siz yanada ahmoqona vaziyatda qolasiz.

"Agar oflaynda bu haqida pichirlab gapirsangiz, uni nashr qilmang".

Erik Kualman, «Xavfsiz tarmoq»

4. Halol bo‘ling

Internetda yolg‘on tez fosh bo‘ladi. Voqealarni haddan tashqari bo‘rttirib ko‘rsatmang, o‘zingizni aslidan ko‘p ish tajribasiga egadek ko‘rsatmang, birovning mehnat mahsulini o‘zlashtirmang.

Shuningdek soxta niqob ostiga yashirinish emas, haqiqiy nuqtai nazarni namoyish qiluvchi samimiylik va dadillik kabi xislatlar ham halollik tushunchasiga kiradi. Yolg‘onga asoslangan ajoyib obraz hosil qilishga urinmang. Ertami-kechmi haqiqat fosh bo‘ladi. Yaxshisi, ijobiy fazilatlaringiz va qadriyatlaringizga urg‘u bering.

"Halollik — bu sizning yopiq eshiklar ortida yoki sizni hech kim ko‘rmayotgan vaqtda qilayotgan ishingiz. Halollik — sizning, e'tiqodingiz va qadriyatlaringizning asl mohiyati ."

Erik Kualman, «Xavfsiz tarmoq»

6. Shikoyat qilmang

Folloverlaringizni ob-havo, sog‘lig‘ingiz, siyosiy tizim yoki qo‘pol sotuvchi borasidagi shikoyatlardan xalos eting. Har qanday shikoyat salbiy energiya uzatadi, bema'ni bahslarga tortadi va umuman, boshqalarga yomon kayfiyat ulashadi.

6. Har kuni kimnidir maqtang va minnatdorchilik bildiring

Ijobiy izohlar va postlarni ko‘paytiring. Servis ma'qul keldimi - kompaniyani maqtang. Hamkasbingiz ishlaringizni bajarishga yordam berdimi - buning siz uchun naqadar muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab,  minnatdorchilik posti yozib qoldiring.

Internetda negativ juda ko‘p, shunday ekan, tarmoqda ko‘p ijobiy ma'lumotlarni ulashuvchi noyob shaxslardan biriga aylaning. Ijtimoiy tarmoqdagi do‘stlaringiz sahifalarida kichik maqtovlar qoldiring, layklar qo‘ying, ularni qo‘llab-quvvatlang - bularning barchasi siz haqingizda ijobiy va yoqimli taassurot qoldiradi.

"Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, boshqalar haqidagi ijobiy ma'lumotni chop etish o‘zingizni ham baxtli qiladi".

Erik Kualman, «Xavfsiz tarmoq»

7. Omma oldida tanqid qilmang

Maqtovli yoki minnatdorchilik posti bo‘lsa, uni chop etish mumkin va kerak ham, tanqidni esa shaxsiy uchrashuvlarga olib qo‘ygan yaxshi. Matnli formatdagi har qanday tanbeh taxmin qilganingizdan-da og‘ir botishi mumkin.

Hech kim tanqid ostida qolishni yoqtirmaydi, u hattoki eng konstruktiv tanqid bo‘lsa ham, ayniqsa omma oldida. Izohlardan kamchilik izlash, orfografik xatolarni to‘g‘irlash va shu kabi boshqa mayda va befoyda tanbehlarni unuting.

8. Xatolarni to‘g‘irlang, ularni yashirishga urinmang

Agar tarmoqda xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsangiz, uni inkor etmang va mas'uliyatni boshqalarga ag‘darib, o‘zingizni oqlamang.

"Internetdagi negativ vaziyatlardagi xatti-harakatlaringiz sizning obro‘ingizga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi".

Erik Kualman, «Xavfsiz tarmoq»

Xato qilib, nomaqbul yo‘l tutdingizmi? Bunday holatda quyidagilar tavsiya etiladi:

1. Uzr so‘ralgan post yozing va yoqimsiz holat uchun javobgarlikni o‘z zimmangizga oling;

2. Aybingizni yuvish uchun nima qilishga tayyor ekaningizni ma'lum qiling;

3. Va'dangizni bajaring;

4. Voqeadan o‘zingizga to‘g‘ri xulosa chiqaring.

Internet kichik xatoni yashirish katta nizolarga olib kelgan o‘nlab hodisalarga guvoh bo‘lgan. Shunday ekan, nomaqbul holatning boshlang‘ich bosqichidayoq uning oldini oling.

9. Shaxsiy muloqotni birinchi o‘ringa qo‘ying

Odamlar real hayotda uchrashgan kishilarga yaxshiroq munosabatda bo‘lishadi. Tanishlaringiz va mijozlaringiz bilan muloqot qilishda faqat internet bilan cheklanib qolmang. Imkon qadar ular bilan uchrashib muloqot qilishga harakat qiling.

Agar oradagi masofa uzoqroq bo‘lsa, video va audioxabarlardan foydalaning. Odamlar ovozingiz, gapirish ohangingizni eshitishi, yuzingizni ko‘rishi muhim ahamiyatga ega.

10. Ish va do‘stlar uchun alohida profil ochmang

Ko‘p foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda bir necha profilga ega: biri - ish uchun, ikkinchisi - do‘st-birodarlar uchun. Buning natijasida inson o‘z shaxsini go‘yoki rasmiy va haqiqiyga ajratadi.

Hech bo‘lmaganda ikki sabab tufayli profillarni ko‘paytirmaslik kerak:

1. "To‘g‘ri" obrazga kirishib, o‘zligingizni yo‘qotib qo‘yishingiz mumkin. Tarmoqdagi "ikkiyuzlamachilik" esa ko‘p energiyangizni tortib oladi.

2. Shaxsiy akkauntni topish oson. Folloverlar sizning rasmiy obrazingiz haqiqiysidan qanchalik farqlanishini bilgach, yoqimsiz vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Shu bois ishchi obrazingiz va norasmiy qiziqishlaringizni o‘zaro uyg‘unlashtirishga harakat qiling.

Top