17:00 / 29.09.2017
9031

Tuxel «Bavariya» bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod

Foto: globallookpress

«Bavariya» bosh murabbiyligidan bo‘shatilgan Karlo Anchelotti o‘rnida Tomas Tuxel ish boshlashi mumkin. Bu haqda Sky Sport Germany xabar tarqatdi. Telekanal ma'lumotiga ko‘ra, 44 yoshli mutaxassis bo‘sh qolgan o‘ringa asosiy da'vogar sanalmoqda. «Bavariya» boshqaruv kengashi raisi Karl-Haynts Rummenigge Tuxelni «Maynts» va Dortmundning «Borussiya» klublaridagi faoliyati uchun hurmat qilishi aytilgan.

Karlo Anchelotti Chempionlar ligasi guruh bosqichida «Pari Sen-Jyermen»ga qarshi kechgan va 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat qayd etilgan o‘yindan keyinoq iste'foga chiqarildi. «Bavariya»ni ayni vaqtda Anchelottining assistenti bo‘lib ishlab kelgan Villi Sanol murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat boshladi. Fransiyalik mutaxassis myunxenliklar klubini Germaniya chempionatining 7-turida «Herta»ga qarshi 1 oktabr kuni o‘tkaziladigan o‘yinga tayyorlamoqda.

Anchelotti «Bavariya»ni 2016 yil iyulidan buyon boshqarib kelmoqda edi. O‘tgan mavsumda myunxenliklar klubi mavsum yakunlanishiga 3 tur qolganida Germaniya chempionligini rasmiylashtirishgandi, ammo klub Chempionlar ligasida yurishini 1/4 finalda to‘xtatgan, o‘shanda Madridning «Real» klubiga ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 3:6 hisobida mag‘lub bo‘lingandi.

Anchelotti turli yillarda Italiya terma jamoasi yordamchisi, «Redjana», «Parma», «Yuventus», «Milan», «Chelsi», «PSJ» va «Real» klublarida bosh murabbiy sifatida ishlagan. U jami 20 sovrin yutgan. «Milan» va «Real» boshqaruvida u Chempionlar ligasida (italyanlar klubida ikki marta) zafar quchgan.

Tuxel «Borussiya»ni 2015-2017 yillarda boshqardi, ungacha «Maynts»da ishlagan. Tuxel faqat bir marta Germaniya Kubogini qo‘lga kiritgan, dortmundliklar klubi 2017 yil mayida ushbu kubokka ega bo‘lgandi. Turnir finalida «Borussiya» «Ayntraxt»ni yengdi - 2:1. Shu uchrashuvdan keyin Tuxel jamoani tark etdi va hozirga qadar ishsiz.

Top