21:07 / 01.10.2017
88586

Nurullo Otaxonov qo‘yib yuborildi​, dastlabki tergov ishlari davom etmoqda

Foto: Facebook

27 sentabr kuni Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda qo‘lga olingan yozuvchi Nurullo Otaxonov ozodlikka chiqarildi. Bu haqda uning o‘g‘li Fayzullaxon Otaxonov ijtimoiy tarmoqdagi sahifa orqali xabar bergan.

«Yashnobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘zining xizmat moshinasida Toshturmadan chiqarib eshigimiz tagiga qo‘yib ketgan», deyiladi uning xabarida.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Nurullo Otaxonovning terrorizmga aloqadorligi to‘g‘risidagi gumon tasdiqlanmagan, shuningdek, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi​ bekor qilindi. Ammo, unga nisbatan 2017 yil 11 may kuni Yashnobod tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi («O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish») hamda 244-1 moddasi, 3-qismi, «g» bandi («Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalari yoki telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etish») bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov ishlari davom etadi​.

Eslatib o‘tamiz, 27 sentabr kuni Istanbuldan Toshkentga kelgan, Nurulloh Muhammad Raufxon taxallusi bilan ijod qiladigan yozuvchi Nurullo Otaxonov Islom Karimov xalqaro aeroportida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.

Undan avvalroq u o‘z shaxsiy sahifasida prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaatini e'lon qilgan. 

Nurullo Otaxonov Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Oyimcha Qaqir qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi bo‘limini tamomlagan. «Yo‘l boshida» «Dunyo keng», «Shu yerlik kishi» kabi qissa va hikoyalar to‘plamlarini nashr qildirgan.

Uning sevgi mavzusidagi «Oq bino oqshomlari» hikoyasi «Sharq yulduzi» jurnalida chop etilgach, «Yilning eng yaxshi hikoyasi» deb topilgan edi.

Ushbu hikoya asosida «Oq bino oqshomlari» badiiy filmi suratga olingan. Yozuvchi turk, gurji, xitoy va rus adabiyotidan bir qator asarlar tarjima qilgan. Ëzuvchi keyingi 25 yil mobaynida «Yoshlik» (Bo‘lim mudiri), «Mushtum» (Mas'ul kotib), «Sharq yulduzi» (Bo‘lim mudiri), «Hidoyat» (Bosh muharrir) kabi turli jurnallarda hamda «Movarounnahr» nashriyotida (Bosh direktor) ishlab kelgan.

2013 yil oxirida ochiq aytilmagan sabablarga ko‘ra, «Movarounnahr» nashriyoti Bosh direktorligi hamda «Hidoyat» jurnali Bosh muharrirligidan bo‘shatilgan.

Mavzuga oid
Top