13:40 / 05.10.2017
27125

Kelgusida O‘zbekistonda yiliga 10 mingta paxta terish mashinasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan

Foto: uz24.uz

2017 yil 4 oktabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisi o‘tkazildi. Unda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan «Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida» gi qarori loyihasi muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, «O‘zagrotexsanoatxolding» boshqaruvi raisi Nodir Otajonov ma'ruza qildi. 

Uning ta'kidlashicha, 2018 yilda 3 mingta, 2019 yilda 5 ming, undan keyingi yillarda yiliga 10 mingta paxta terish mashinasi ishlab chiqish va kamida 2 mingtasini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Keyingi yili ishlab chiqilgan paxta terish mashinalarining 80 foizi Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari dalalariga yetkazib beriladi. Qashqadaryo viloyatiga 100 dona mashina yetkaziladi. 

«Butun respublika bo‘yicha paxta terishni mexanizatsiyalashtirishni ta'minlash uchun kamida 14—15 mingta paxta terish mashinasini ishlab chiqarish talab etiladi», degan Nodir Otajonov.

Bahs-munozaralardan so‘ng, Senat a'zolari «Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarorni  qabul qilishdi. Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qishloq xo‘jaligi samaradorligi va rentabelligini,uni mexanizatsiyalash darajasini oshirishda, shu jumladan paxta hosilini mashinada terish hajmini ko‘paytirishda, shuningdek mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarini o‘tkazishda bozor mexanizmlarini, innovatsiyalarni, fan yutuqlarini va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rishi kerak bo‘ladi. 

Bundan tashqari, mamlakat hukumati joriy agrotexnologiyalar qo‘llanilishini yaxshilash hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, mexanizatsiyalangan terimga shaylikni ta'minlaydigan hamda yuqori darajada samara beradigan g‘o‘za navlarini yaratishni rivojlantirish,oziq-ovqat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida agrar sektorda amaldagi quvvatlarni modernizatsiyalash, jalb etiladigan mavsumiy ishchilarni iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirishning turli usullarini ishlab chiqadi. 

Top