15:15 / 06.10.2017
26878

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati e'lon qilindi

Foto: AP

Yadro qurolini taqiqlash bo‘yicha xalqaro kampaniya (International Campaign to Abolish Nuclear Weapons, ICAN) tinchlik bo‘yicha 2017 yilgi Nobel mukofoti sovrindori bo‘ldi. Mukofot saytida ma'lum qilinishicha, tashkilotga «yadroviy quroldan foydalanishning halokatli gumanitar oqibatlariga e'tibor qaratish bo‘yicha ishlari» uchun mukofot berilgan.

Shuningdek, Nobel qo‘mitasining ta'kidlashicha, harakat «bunday qurolni taqiqlash bo‘yicha bitim imzolanishiga erishgan».

Yadro qurolini taqiqlash haqidagi shartnoma joriy yil 7 iyulida yadroviy davlatlar, jumladan, Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh va Fransiya qatnashmagan muzokaralar natijalari bo‘yicha qabul qilingandi.

Uning ishtirokchilari hech qachon va har qanday sharoitda ham yadro qurolini tayyorlamaslik, sinovdan o‘tkazmaslik, ishlab chiqarmaslik va to‘plamaslik, qo‘llamaslik va qo‘llash bilan tahdid qilmaslik majburiyatini oladi.

Shartnoma unga 50 davlat qo‘shilganidan so‘ng 90 kun o‘tib kuchga kiradi. Hozirga kelib ushbu hujjatni 53 mamlakat imzoladi.

Avvalroq tibbiyot («biologik soatlar» uchun), fizika (gravitatsiyaviy to‘lqinlarni kashf qilganlik uchun), kimyo (krioelektronik mikroskop uchun) va adabiyot (Kadzuo Isiguro) bo‘yicha Nobel mukofotlari sohiblari ma'lum qilingandi.

Nobel mukofoti miqdori 2017 yilda to‘qqiz million Shvetsiya kronasi (1,1 million dollar)ni tashkil etmoqda.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti 2016 yilda «Kolumbiyadagi mojaroni hal qilish sa'y-harakatlari uchun» Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santosga berilgandi.

Xuan Manuel Santos va Kolumbiya revolyutsiya qurolli kuchlari rahbari Rodrigo Londono Echeverri 27 sentabr kuni Kartaxena shahrida mamlakatda yarim asr davom etgan qurolli mojaroni to‘xtatish hamda mustahkam va barqaror tinchlikni ta'minlash to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi.

Unga ko‘ra, 2 oktabr kuni Kolumbiyada muzokaralarni qonuniy mustahkamlash uchun referendum o‘tkazildi. Uning natijasiga ko‘ra, kelishuvga rozi bo‘lmaganlar g‘alaba qozondi. Tinchlik kelishuviga qarshi 6,4 million (50,21 foiz) kishi ovoz bergandi.

Mavzuga oid
Top