20:09 / 07.10.2017
188126

Grin kard haqida bilishingiz zarur bo‘lgan ma'lumotlar: yo‘riqnoma, imkoniyat va firibgarliklar

Illyustrativ surat. Foto: KUN.UZ

Har yili, AQSh hukumati «Turli millatga mansub immigrantlar vizasi – DV» dasturi doirasida 50000 ta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. Uning ko‘rinishi yashil karta shaklida bo‘lgani uchun butun dunyoda, xususan O‘zbekistonda “Yashil karta” (Grinkard) nomi bilan mashhur. Vizalar so‘nggi besh yil ichidagi AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi; bunda AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq viza miqdori belgilanadi. Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. Shaxsning ismi lotereyada tanlanishi unga immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlarini o‘tish imkoniyatini beradi.

Grin kardda ishtirok etishning talablari

Lotereyada ishtirok etishning ilk sharti: vakillari dasturda qatnashishi mumkin bo‘lgan davlatlarda tug‘ilgan shaxslar ro‘yxatdan o‘tishga haqli bo‘lishi mumkin. ​​Masalan, so‘nggi besh yil davomida bu davlatlarda tug‘ilgan umumiy soni 50000dan ortiq shaxs AQShga immigratsiya qilgani aniqlansa yoki AQSh tashqi siyosatiga ko‘ra taqiqqa uchragan mamlakat aholisi (o‘sha joyda tug‘ilganlar) Grinkard imkoniyatidan foydalana olmaydi.

Shuningdek, nomzod eng kamida o‘rta ta'limni tamomlagan bo‘lishi yoxud so‘nggi besh yil davomida ikki yillik tayyorlov yoki tajriba talab qiluvchi faoliyatda ikki yillik ish tajribaga ega bo‘lishi so‘raladi. Joriy yilda Grinkard dasturiga arizalar elektron shaklda www.dvlottery.state.gov veb-sahifasida 3 oktabrdan 7 noyabrga qadar qabul qilinadi. Qonun ro‘yxatga olish davrida har bir shaxs tomonidan yoki uning nomidan faqat bitta ariza topshirilishiga ruxsat beradi. Ariza to‘ldirilgandan so‘ng, tasdiqlov raqami yoki boshqacha qilib aytganda, Arizachi Maqomini Tekshirish Funktsiyasi (Entrant Status Check)ga oid ma'lumotni chop etib olishingiz zarur. Bu qog‘ozdagi ma'lumot zinhor tashlab yubormang, zero bu dastur natijasini tekshirib ko‘rishning yagona imkoniyati. Dasturda imkoniyatga ega bo‘lgan nomzodlarning ro‘yxati rasman 2018 yilning 1 may kuni e'lon qilinadi. Davlat Departamenti bittadan ortiq kiritilgan arizalarni aniqlash uchun murakkab texnologiyalardan foydalanadi. Murojaatchining bittadan ortiq topshirgan arizalari dasturdan chetlatiladi.

Grinkardni yutib olish, kishiga qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?

Bu savolga javobni oldindan aniq bilib olish zarur, chunki ko‘pchilik lotoreya ishtirokchilari ushbu dasturda g‘olib bo‘lib, AQShda kafolatlangan viza, ish o‘rni va boshpana bilan ta'minlanmasligini, bilishi lozim. Vaholanki, dastur mansub immigrantlar vizasi uchun tashkil etilgan ekan, g‘olibning qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan eng katta yutug‘i -  AQShda yashash rezidentligiga ega bo‘lish.

Shuningdek, Grinkard orqali AQShga tashrif buyurgan immigrantlar mahalliy aholiga taqdim etilgan imtiyoz va sharoitlardan birdek foydalanish huquqiga ega bo‘ladi, ammo ular siyosiy saylovlarda ishtirok etmaydi. Bundan tashqari ayrim masalalarda milliy xavfsizlik nuqtai nazardan kelib chiqib, immigrantlarning keng imkoniyatlardan foydalanish huquqi cheklanishi mumkin.

Grinkard egasi 18-25 yoshdagi yigit bo‘lsa, AQSh Harbiy xizmat ro‘yxatiga qayd etilishi so‘raladi.

O‘zbekistonda Grinkardni eng ko‘p qo‘lga kiritgan g‘oliblar Samarqanddan

Yurtimizda ushbu lotereyani samarqandliklar ko‘proq yutishi haqida o‘rinli fikrlar mavjud. Haqiqatdan ham fuqarolarimizdan yiliga 5000 nafariga yaqiniga ushbu lotereyada omad kulib boqsa, uning salkam 3500 nafari samarqandlik fuqarolar bo‘lib chiqadi.

Avvalo, Samarqandda grinkard lotereyasida ishtirok etish uchun anketalarni savodli qilib to‘ldirib beradigan firmalar juda ko‘p. Har qanday internet-klub, elektron to‘lov shoxobchalarida ma'lum bir to‘lov evaziga bunday xizmatdan foydalanishingiz mumkin. Hattoki yosh yigitchalar qo‘llarida fotoapparat bilan uyma-uy, mahallama-mahalla, korxonama-korxona yurib, anketalar uchun ma'lumotlar yig‘ib chiqishganiga o‘zim guvoh bo‘lganman.

Grinkard atrofida qanday firibgarliklar amalga oshiriladi?

Eng hayratlanarli joyi — ular anketa uchun ma'lumotlarni yozib olishadi, buning uchun arzimas pul ham talab qilishadi (kishi boshiga 10 mingdan 25 ming so‘mgacha). Qo‘lingizga hattoki xizmat ko‘rsatilgani haqida shartnoma ham berishadi — go‘yoki qilib yurgan ishlari qonuniydek. O‘zlari esa nomingizdan elektron pochta ochib, tekshirish kodlarini unga tushirib olishadi, uni hech qachon sizga ko‘rsatmay, may oyi kelgach — lotereya javoblari chiqqanidan so‘ng, lotereyada yutgan-yutmaganingizni bittalab tekshirib chiqishadi. Ana shunda grinkard yutganlarga kodlar katta pulga pullanadi. Eng kamida 1000 AQSh dollariga. Eng kamida! Kishi boshiga! Ya'ni oilangizda 5 ta inson bo‘lsa 5 ming dollar to‘lashingiz kerak.

Shunday voqeani ham uchratganmanki, IELTS testidan o‘tib, AQShda o‘qish huquqini qo‘lga kiritgan yoshlardan biri AQSh elchixonasiga borib, grinkard lotereyasida ham g‘olib chiqqanini bilib qolgan. U dugonalari bilan ana shunday grinkard uchun anketa to‘ldiruvchilarga ma'lumotini berib, keyinchalik bu voqeani unutib yuborgan. Bu orada esa unga yutuq chiqqan. Telefon raqamlari almashib ketganligi sababli «anketachilar» uni topa olishmagan.

Ma'lum bir kishiga yutuq chiqarish uchun uni turli fonlarda va soch turmagi bilan suratga olish, familiyasi va ismidagi harflarni turli-tuman yozib ko‘rish bilan kombinatsiya qilib (masalan, «O» ni «A» ga almashtirib), bir kishi uchun 10-15 xil variantda anketa to‘ldirish hollari ham uchraydi. Mabodo variantlardan biriga yutuq chiqqudek bo‘lsa, pasportdagi familiya yoki ism o‘shanday qilib almashtiriladi. Bu variantdan ko‘pincha bo‘ydoq yigitlar foydalanishadi.

Eng xavfli tomoni — anketa to‘ldiruvchilar sizning ma'lumotlaringizni qo‘lga kiritib olgach, kelgusi yil ham sizdan beso‘roq anketa to‘ldirishlari mumkin. Mabodo bu tomondan o‘zingiz ham to‘ldirsangiz — ma'lumotlaringizning har ikkisi kompyuter tomonidan bekor qilinishi aniq.

Samarqandda bir necha yillardan beri soatdek baxato ishlayotgan grinkard sxemasi mana shunday oddiygina yo‘l bilan yashab kelmoqda. Albatta, mohiyatan noqonuniy pul topish usuli bo‘lgan bu «xizmat»da turli firibgarliklarga keng o‘rin ajratilgan. «Biz anketasini to‘ldirib berganlarning hammasi hozir Amerikada», «Falon dollar bersangiz, gaplashaman, lotereyada aniq yutasiz», «AQSh elchixonasidagilar kod uchun mana shuncha pora so‘rashayapti, ular ham bizdan o‘rganib olishgan» degan vaj-korsonlar bilan fuqarolarni «sog‘ish» haqida gapirmay qo‘yaqolay.

Nima bo‘lganda ham, qadimiy shaharda bunday firmalarning va yigitlarning xizmatlariga talab aslo kamaymayapti. Chunki Grinkard anketasini ingliz tilida to‘ldirish kerak. Ko‘pchilik ingliz tilini bilmaydi. To‘g‘ri suratga tushishni bilmaydi. Lekin aksariyat insonlarning Amerikada borib yashagisi keladi. Chunki borib olganlar kam bo‘lishayotgani yo‘q — o‘zlari tirik guvoh bo‘lib turishibdi. Har qanday reklama bu yerda ortiqcha.

Hamyurtlarimizga yana bir karra eslatib o‘tamiz: bunday holatlarda aslo o‘zingizga tegishli ma'lumotlarni siz tanimaydigan, noma'lum kimsalarga berib yuborishingiz yaramaydi!

Shuhrat Shokirjonov,
Alisher Ro‘zioxunov

Top