00:28 / 10.10.2017
71439

Toshkentda yirik valyutafurush 424 mln so‘m bilan qo‘lga tushdi (video)

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Toshkent xonadonlaridan birida noqonuniy valyuta oldi-sottisi bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxsni nojo‘ya qilmishlari fosh etildi, deb xabar beradi «O‘zbekiston 24» telekanali.

Fuqaro Bahtiyor Tojiyev o‘zi yashayotgan xonadonda noqonuniy valyuta oldi-sottisi bilan shug‘ullanish uchun maxsus «yama» tashkil etib, mo‘may daromad ortishi maqsadida valyuta mablag‘larini ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan.

Ushbu kimsa, navbatdagi mijozdan 100 AQSh dollarini 807 ming so‘mga sotib olgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Shuningdek, Baxtiyor Tojiyev qonunga xilof ravishda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanishi va xonadonidagi barcha pullar o‘ziga tegishli ekanini tan oldi.

Tadbir davomida ushbu xonadonda noqonuniy muomalaga kiritishga mo‘ljallangan 268 mln. 357 ming so‘m, 1.100 yevro va 19.104 AQSh dollari borligi aniqlandi. Bularni yaxlit hisoblaganda jami 424 mln. 201 ming 864 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Ushbu ish yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surushtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top