22:15 / 10.10.2017
15479

O‘zbekiston Rokfellerlar asos solgan kompaniya sarmoyasini mahalliy loyihalarga jalb etmoqchi

Foto: guardian.ng

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-20 sentabr kunlari AQShga safari davomida kelgusi hamkorlik rejalari bo‘yicha bir qator kompaniya vakillari bilan suhbatlashgandi.

Ayni paytda ExxonMobil bilan muzokaralar boshlangan bo‘lib, tomonlar bo‘lajak loyihalarni ko‘rib chiqmoqda. O‘zbekiston yangi sarmoyalarni neft-gaz qazib chiqariladigan hududlarni geolograzvedka etish ishlariga jalb etishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati neftni qayta ishlash zavodlari qoshidagi bazalardan birida mamlakat yengil sanoati uchun poliester ishlab chiqarish bo‘yicha investitsion loyihani tayyorlamoqda. Barcha muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tsa, joriy yilning oktabr-noyabr oyida ExxonMobil rahbari yakuniy shartnomalarni imzolash uchun O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

Shunday qilib, O‘zbekiston 2020 yilga qadar 38ta turli darajadagi neft-gaz ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 20,6 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

Ma'lumot uchun, ExxonMobil​ Jon Rokfellerga tegishli bo‘lgan Standart Oil kompaniyasining huquqiy merosdori hisoblanib, kompaniyani bir paytlar hozirgi AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson ham boshqargan.

Mavzuga oid
Top