09:10 / 20.10.2017
65711

Yangi vazirlikka ayol kishi rahbar etib tayinlandi

Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori, senator Agrepina Vasilevna Shin yangi tashkil etilgan Maktabgacha ta'lim vazirligining rahbari etib tayinlandi. Bu haqda Kun.uz ga Xalq ta'limi vazirligidagi manbalar ma'lumot berdi.

Shu vaqtgacha Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Sobitxon Toshpo‘latovich Turg‘unov esa yangi vazirga o‘rinbosar etib o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, yangi vazirlik Prezidentning 30 sentabrdagi «Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan tashkil etilgandi.

19 oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yangi vazirlik oldiga maktabgacha ta'lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, maktabgacha ta'lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash, maktabgacha ta'lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta'lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma'naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari qo‘yilgan.

Top