09:24 / 31.10.2017
5853

Assanj: WikiLeaks e'lon qilgan Klinton maktublarini davlat departamenti taqdim etgan

Maxfiy ma'lumotlarni oshkor qilishga ixtisoslashgan WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klintonning elektron maktublarini kim taqdim etganiga oydinlik kiritdi. Uning Twitter sahifasida yozishicha, tashkilot tomonidan jamoatchilikka oshkor qilingan maktublarni davlat departamenti taqdim etgan. 

"Klintonning Wikileaks orqali e'lon qilingan minglab maktublari xakerlik faoliyati natijasida qo‘lga kiritilmadi, balki AQSh davlat departamenti tomonidan 2016 yil 3 martdagi "Axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonun" doirasida taqdim etildi", - deb yozgan Assanj.

26 oktabr kuni Cambridge Analytica tahliliy firmasi rahbari, Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida faoliyat yuritgan Aleksandr Niks, o‘tgan yili WikiLeaks asoschisi bilan uchrashgani ma'lum bo‘ldi. U sobiq davlat kotibi Hillari Klintonning o‘chirib yuborilgan maktublarini qo‘lga kiritishga urinib ko‘rgan. 

Foto: Twitter/JulianAssange

Ma'lumki, 2015 yili Hillari Klinton davlat kotibi bo‘lib ishlagan vaqtlarida ish bilan bog‘liq maktublarini shaxsiy elektron pochtasi orqali yuborgani oshkor bo‘lgan va yirik mojaroga sabab bo‘lgandi. Keyinroq, u barcha yozishmalarini (55 ming maktub) taqdim etgan, 30 mingdan ortiq shaxsiy yozishmalarini o‘chirib tashlagan edi. Shu sababli u qattiq tanqid qilingandi.

Mavzuga oid
Top